4-sentabr kuni “Qoradori—2019” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbiri davomida Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrida bir nechta tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Xorazm viloyatining Urganch shahrida ro‘yxatda turgan, 1972-yilda tug‘ilgan A.Z. ismli fuqaro Uchtepa tumanining “Algoritm” dahasida to‘xtatib tekshirilganda, yonidan tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan 2000 dona “Tramadol” va 3 ta flakonda “Tropikamid” dori vositalari topilgan va ashyoviy dalil sifatida olingan.
“Hozirda olingan ushbu dori vositalari manbasini aniqlashga qaratilgan tezkor ishlar davom ettirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Iyun oyida Toshkentni “dorixona narkomaniyasi” zabt etgani, kattalar, yoshlar va hatto maktab o‘quvchilari ham pregabalin, zaleplon va tropikamidni ommaviy ravishda iste’mol qilinayotgani haqida “Toshkent — kayfda!” maqolasi e’lon qilingandi.