“Dorian” to‘foni oqibatida Kanadaning janubi-sharqiy qismida qariyb 400 ming kishi elektr energiyasiz qoldi, deb xabar bermoqda TJournal. Kuchli shamol va yomg‘ir elektr uzatish liniyalariga jiddiy zarar yetkazgan.
Bu hududda halok bo‘lganlar yoki jiddiy jarohatlanganlar haqida ma’lumot yo‘q, ammo daraxtlar ildizi bilan qo‘porilgani, mashinalar pachoq bo‘lgani, uylarning tomi uchgani va bitta qurilish krani qulagani aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Dorian” tropik to‘foni 26-avgust kuni Atlantika okeanidagi Barbados orolida paydo bo‘lib, uch kundan so‘ng Bagam orollariga yopirilgan. To‘fon Katta Bagam va Abako orollaridagi jami 13 mingga yaqin uyni to‘liq vayron qilgan. Bo‘ron markazida shamol tezligi salkam 300 km/soatni tashkil etgan. Bagam orollarida “Dorian” to‘foni oqibatida halok bo‘lganlar soni 43 kishiga yetdi, yana bir necha yuzlab odamlar bedarak yo‘qolgan deb topilmoqda.
Mavzuga doir: Talafotlar tarixi. Tarixdagi 10 ta eng yirik to‘fon