28-avgust, chorshanba kuni Zomin tumanida mamlakat mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi arafasida “Yoshlar markazi” foydalanishga topshirildi. Bu haqda “Daryo”ga Yoshlar media markazi ma’lum qildi.
Zomin tumani aholisining 95 ming nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Zamonaviy me’morchilik andazalari asosida bunyod etilgan markazning ochilish marosimida Prezident rahnamoligida yosh avlodning porloq kelajagini yaratish yo‘lidagi g‘amxo‘rliklar o‘z samarasini berayotgani, yosh avlod jamiyatning tashabbuskor va faol qatlami sifatida doimo qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularning har tomonlama kamol topishi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani haqida so‘z yuritildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Zomin tumani kengashi raisi o‘rinbosari Temurbek Nazarov bu yerda rus va ingliz tillarini o‘rganish, kompyuter savodxonligi, shaxmat-shashka, mental arifmetika, tasviriy san’at, raqs to‘garaklari, pazandachilik, tikuvchilik, to‘quvchilik, milliy hunarmandchilik kabi kasb-hunar to‘garaklari tashkil etilgani, jami 13 turdagi to‘garakning har bir guruhiga 12 nafardan yosh qamrab olinishi rejalashtirilgani haqida to‘xtalib o‘tdi.
Izoh (0)