28-avgust, chorshanba kuni xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar berdi.
Unda Senat a’zolari, mahalliy Kengash deputatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Kun tartibida belgilanganidek, parlament ishchi guruhi tomonidan viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar holatini o‘rganish natijalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, viloyat iqtisodi asosan agrar sohada bo‘lib, hududda yengil va oziq-ovqat sanoati rivojlanmoqda. Yalpi hududiy mahsulot 2019-yilning birinchi yarim yilligida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 103,5 foizni, shu jumladan, sanoat 103 foizni tashkil etgan. Budjet daromadlari prognozga nisbatan 117 foiz bo‘lib, 1 trillion 57 milliard so‘mni tashkil etgan, mahalliy budjetda qo‘shimcha 152,5 milliard qoldirilgan.
Sessiyada qayd etilganidek, viloyatda sanoat va qayta ishlash, xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini jadal rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sohasini taraqqiy toptirish kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib turibdi. Bu maqsadlarga erishishda, avvalo, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarur. Jumladan, bugungi kunda Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari soni qariyb 14,5 mingga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 2 mingdan ziyodga ko‘paygan. Viloyat aholisining qariyb 235 ming nafari aynan kichik biznes subyektlarida band ekanligi ham mazkur sohaning hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi o‘rni muhim ekanligidan dalolat beradi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, parlament ishchi guruhi tomonidan Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan tadbirkorlik rivoji yo‘lidagi dolzarb masalalarni o‘rganish jarayoni, odamlar bilan muloqotlar, bu borada jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan, o‘tgan olti oy davomida bor-yo‘g‘i faoliyat yuritmayotgan 24 ta kichik biznes subyekti tiklangan, xolos. Bu esa o‘z navbatida, shu kabi korxonalarning muammolari bo‘yicha tizimli asosda ishlanmaganligini ko‘rsatadi. Yarim yillik davomida viloyat bo‘yicha jami 184 ta kichik biznes subyekti tugatib yuborilgan. Tadbirkorlik faoliyatini tashkiliy qo‘llab-quvvatlash ishlari samarali tashkil etilmagani oqibatida bugungi kunga qadar umumiy qiymati 823,2 milliard so‘mlik 184 ta loyiha o‘z muddatida ishga tushirilmagan.
Shuningdek, sessiyada viloyatda faoliyat yurituvchi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilmaganligi qayd etildi. Ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar (xizmatlar) reklamasiga (yarmarka, ko‘rgazma, taqdimot va boshqalar) e’tibor qaratilmayapti. Savdo va boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar viloyatning o‘zida ishlab chiqarilayotgan ko‘plab mahsulotlarni respublikaning boshqa hududlari, jumladan, Toshkent shahri va vodiy viloyatlaridan olib kelmoqda.
Shu bilan birga, viloyatda “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturining ijrosini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish borasidagi ishlar samaradorligi ham pastligicha qolmoqda. 2019-yilga mo‘ljallangan mazkur dastur shu kunga qadar viloyatda bor-yo‘g‘i 15,2 foizga bajarilgan.
Majlisda kreditlashning birlamchi talablari yetarlicha inobatga olinmagani, banklar hamda ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlarning lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagani — tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan yana bir muammo ekanligiga alohida urg‘u berildi. Bu yo‘nalishdagi kamchiliklar oqibatida bugungi kunda viloyatda muddatida qaytarilmagan kredit va foiz to‘lovlaridan jami 244 milliard so‘mlik muammoli qarzdorliklar yuzaga kelganligi ham ta’kidlab o‘tildi.
Sessiyada ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining qarori qabul qilindi.
Izoh (0)