Joriy yilning 27-avgust kuni “O‘zbekiston — buyuk yo‘llar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiya, din, madaniyat” madaniy meros haftaligi yakunlandi. Bu haqda “Daryo”ga tadbir tashkilotchilari ma’lum qildi.
Unda o‘z hayotini O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib etishga bag‘ishlagan dunyoning 300 dan ziyod olimlari ishtirok etdi.
Haftalik doirasida o‘tkazilgan III xalqaro Kongressda 40 mamlakatdan tashrif buyurgan olimlar ishtirok etdi. Ular O‘zbekistonda madaniyat va fan rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Davlat rahbarining misli ko‘rilmagan tashabbuslari nafaqat keng jamoatchilik, balki ilmiy jamiyat qalbida ham aks-sado berdi va qo‘llab-quvvatlandi. O‘zbekistondan so‘nggi uch yilda qabul qilingan ko‘plab tashabbuslar III xalqaro Kongressda olg‘a surilgan yangi tashabbuslarni ishlab chiqishga turtki bo‘ldi.
Madaniy meros loyihasining asosiy yo‘nalishlaridan biri — bu uch tildagi illyustrativ kitob-albomlarni chop etish hamda hujjatli filmlar suratga olish. O‘zbekistonning ilmiy jamoatchiligiga qator yangi loyihalar ham taklif etildi.
Ular quyidagilar:
— “O‘zbekistonning 100 nodir qo‘lyozmasi” (turli mamlakatlardagi ilmiy va madaniy muassasalarda saqlanayotgan, bevosita O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan qo‘lyozmalarni izlab topish va ularning faksimile nusxalarini mamlakatga olib kelish yo‘nalishida);
— “O‘zbekistonning me’moriy obidalari kartografiyasi”;
— “O‘zbekistonning me’moriy epigrafikasi”;
— “O‘zbekistonning me’moriy obidalari katalogi”;
— “O‘zbekistonning fan va madaniyati olimlar ishlarida”.
Shuningdek, Parijdagi Temuriylar jamiyatining 30 yillik faoliyati davomida nashr etilgan “La Timuride” jurnalini umumlashtirish va boshqalar.
Butunjahon jamiyatining joriy yildagi “ovozi” avvalgidek kabi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaati bo‘ldi.
“Muhtaram Shavkat Miromonovich! Biz tomonimizdan qabul qilingan loyihalarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishni shaxsan qo‘llab-quvvatlashingizga umid qilamiz. Fursatdan foydalanib, o‘zbek xalqiga xos sharqona mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorchilik izhor etib, Sizga mustahkam sog‘liq, insonparvar maqsadlaringizda va gullab-yashnayotgan O‘zbekistonni rivojlantirishga yo‘naltirilgan samarali ishlaringizda yuksak muvaffaqiyatlar tilaymiz!” — deyiladi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati a’zolari tomonidan qabul qilingan murojaatda.
Izoh (0)