O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Samarqand viloyatidagi Hadis ilmi maktabida yangi 2019/2020-o‘quv yiliga tayyorgarlik, talabalar va pedagog-o‘qituvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida ushbu oliy ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi. Bu haqida idora matbuot xizmati xabar qildi.
Prezident shu yil 11-yanvar kuni yangi maktab bilan tanishib, bu yerda talabalarga Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy va boshqa buyuk allomalarning asarlarini puxta o‘rgatish borasida alohida to‘xtalgan edi.
Shu munosabat bilan tashrif chog‘ida muftiy Oliy maktab kafedralari faoliyati, o‘quv xonalari, kutubxona va ta’lim-tarbiya jarayonlarini olib borishning eng zamonaviy uslublari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, elektron portal, xorijiy professor o‘qituvchilar va mamlakatdagi islom ulamolari o‘tadigan dars mashg‘ulotlarini yozib borish, onlayn darslar o‘tkazish maqsadida tashkil etilayotgan multimedia bo‘limining tashkiliy ishlari ham ko‘zdan kechirildi.
Bundan tashqari, kutubxonani zaruriy adabiyot va darsliklar bilan ta’minlanishi, xorijiy mamlakatlardan keltirilgan kitoblar hamda o‘quv reja va dasturlar, shuningdek, xorijiy davlatlardagi islom oliy ta’lim institutlari, professor-o‘qituvchilar va ulamolardan olingan taqrizlar, taklif va tavsiyalar ko‘rib chiqildi.
Tashrif chog‘ida muftiy maktabda ta’lim sifati, o‘quv darsliklari turlari, xorijiy va mahalliy o‘qituvchilarga hamda talabalarga yanada qulayliklar tashkil etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berdi.
Izoh (0)