“Hindiston — O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi Anil Kumar Shastri boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Anil Kumar Shastri hind xalqining davlat arbobi La’l Bahodir Shastrining o‘g‘lidir. U rahbarlik qilayotgan jamiyat esa taniqli siyosatchilar, jamoat arboblari, olimlar, jurnalistlarni jamlagan bo‘lib, o‘zbek va hind xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shib kelmoqda.
Tashrif doirasida Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Santosh Ja, “Hindiston — O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi Anil Kumar Shastri va delegatsiyaning boshqa a’zolari Yashnobod tumani hokimi Xojiakbar Tillashayxov hamrohligida poytaxtdagi La’l Bahodir Shastri monumenti poyiga gulchambarlar qo‘ydi.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Toshkentning bir qator tarixiy va diqqatga sazovor maskanlarida bo‘ldi.
Izoh (0)