27-avgust kuni UNESCO bosh direktori Odri Azule Buxoroda bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
UNESCOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro shahrida umumbashariy qiymatga ega turli davrlarga mansub 300 dan ortiq me’moriy yodgorlik joylashgan.
Mamlakatda mehmon bo‘lib turgan BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) bosh direktori Odri Azule Buxoro shahriga tashrif buyurib, ushbu osori-atiqalar bilan tanishdi.
Nufuzli tashkilot rahbari O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev hamrohligida ko‘hna Ark qal’asini tomosha qildi. Bu yerda joylashgan Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasidagi o‘zbek xalqining boy tarixidan guvohlik beruvchi eksponatlar yuqori martabali mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.
Odri Azule Ismoil Somoniy maqbarasi, Minorai Kalon, Mir Arab madrasasi va Masjidi Kalon yodgorliklarini o‘z ichiga olgan Poyi Kalon majmuasi hamda Mirzo Ulug‘bek madrasasini ham tomosha qildi.
Qadimiy Buxoro hunarmandligi bilan ham jahonga mashhur. UNESCO bosh direktori shaharning diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishuv chog‘ida hunarmandlik namunalariga katta qiziqish bildirdi.
Buxoro azaldan sharif shahar, diniy bag‘rikenglik qaror topgan kent sifatida ham ulug‘lanadi. Bugungi kunda viloyatda 10 ga yaqin diniy konfessiya faoliyat yuritmoqda. UNESCO bosh direktori 400 yillik tarixga ega yahudiylar sinagogasiga tashrif buyurdi. Yahudiylarning e’tiqod qilishi va diniy amallarni ado etishi uchun barcha sharoit yaratilgani mehmonda katta taassurot qoldirdi.
Izoh (0)