Markaziy harbiy okrugdagi “Kattaqo‘rg‘on” poligonida sapyor mutaxassislar uchun amaliyot haftaligi o‘tkazilmoqda. Bu haqda “Daryo”ga Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mashg‘ulotlar davomida sapyorlar mina maydondan yo‘l ochish, ko‘prik hosil qilish, muhandislik razvedka ishlarini olib borish, amaliy portlatish hamda muhandislik mashinalarining tavsifi va ularni boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
O‘quv yig‘inda yosh sapyorlar malakali mutaxassislarga biriktirilib, ustoz-shogird an’analari yo‘lga qo‘yildi.
“Sapyor bir marotaba adashadi, degan naql bor. Xavfli minalarni zararsizlantirishdagi birgina xato katta xavfni yuzaga keltiradi, mina maydonida harakatlanib harbiy texnika va bo‘linmalar uchun yo‘l ochish esa yanada xavfli vazifa, — deydi o‘quv yig‘in rahbari mayor Sanjar Yo‘ldoshev. — Kuchli bilim va katta tajribaga ega bo‘lgan sapyor o‘zi qatori minglab insonlar hayotini qutqarib qoladi. Amaliyot haftaligi esa muhandislik qo‘shinlari mutaxassislarining malakalarini oshirishda qo‘l kelyapti”.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda muhandislik qo‘shinlari mutaxassislari Qurolli Kuchlar akademiyasi Muhandislik tayyorgarlik kafedrasida 4 yillik harbiy ta’lim hamda qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslarida o‘qitiladi. Shu bilan birga Xalqaro hamkorlik doirasida chet el harbiy ta’lim muassasalarida malaka oshirish uchun yuboriladi.
Izoh (0)