Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga ushbu manzilda istiqomat qiluvchi fuqaro M.G‘anixo‘jayevadan ikki yil mobaynida u yashayotgan ko‘p qavatli uyning oqava tizimi talab darajasiga javob bermasligi haqida murojaat kelib tushgan.

Foto: “Kun.uz”

Qo‘mita matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, murojaatni o‘rganish maqsadida ko‘rsatilgan manzildagi ko‘p qavatli uyga kelgan mutaxassislar arizada “talab darajasiga javob bermaydi” degan so‘zlar ularning ko‘z oldida namoyon bo‘lgan manzaraga nisbatan juda “yumshoq” qo‘llanilganga guvoh bo‘lgan.

Qayd etilishicha, yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida shu uyda yashovchi fuqarolar “Suvoqava” DUKning Yangiyo‘l bo‘linmasiga juda ko‘p marotaba murojaat qilgan. O‘tgan ikki yil mobaynida “Suvoqava”ga ushbu uyda yashovchi fuqarolardan jami 150 ta ariza kelib tushgan, lekin bo‘linma tomonidan arizada keltirilgan holatlar bo‘yicha hech qanday choralar ko‘rilmagan, murojaatlar javobsiz qoldirilgan.

Hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaati jiddiy o‘rganib chiqilgan. Muammoni o‘rganish davomida ko‘p qavatli uyning yaqinida kafe ishga tushgan bo‘lib, uning rahbari o‘zboshimchalik bilan ko‘p qavatli uyning oqava tizimiga ulangani aniqlangan.

Bu holat oxirgi ikki yil mobaynida uyning oqava tizimga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida, xo‘jalik subyekti ko‘p qavatli uyning oqava tizimidan uzilgan va avval belgilangan joyga o‘z hisobidan ulangan.