14-avgust, chorshanba kuni “Kun.uz” xodimlari “Xiva stroy” MChJ rahbarining tahririyatga yo‘llagan murojaati yuzasidan izoh olish maqsadida Olmazor tumani hokimligida bo‘ldi.

Foto: “Kun.uz”

Murojaatda tashkilot tomonidan tumandagi “Ibrohim ota” mahallasida 2 qavatli uylar qurilib, kam ta’minlangan va muhtoj oilalarga berilgani, bu uylarni qurish uchun MChJ tomonidan jami 1,5 milliard so‘mga yaqin qiymatdagi ish bajarilgani, biroq shundan 800 million so‘mga yaqini 2018-yilning yanvar oyidan buyon berilmay kelinayotgani aytilgan edi.

Olmazor tumani hokimligi binosi rekonstruksiya qilinayotgani bois hokimlik apparati vaqtincha yaqin atrofdagi kollej binosiga ko‘chgan ekan. Hammasi mazkur kollej hududida sodir bo‘ldi.

“Kun.uz” xodimlari murojaat bo‘yicha izoh olish maqsadida ichkariga kirganida tuman hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Vahobov dastlab tadbirkorlarga, so‘ng “Kun.uz” xodimlariga davlat organi xodimiga xos bo‘lmagan tarzda muomalada bo‘ldi. U videotasvirga olmaslikni talab qilib operatorga tashlandi va o‘zini bosib ololmay, tajovuzkorona harakatlarini davom ettirib, tahririyat mulki bo‘lgan texnika vositasini (shtativ) sindirib tashladi.

Achinarlisi, voqeaga guvoh bo‘lib turgan ichki ishlar xodimi va hokimlik vakillari ham bu holatga tomoshabin sifatida qarab turdi. Zo‘ravon o‘rinbosar esa muxbirlarni prokuraturaga topshirib yuborish bilan tahdid qildi.

“Qayd etish kerakki, bu Abdurasul Vahobovning ‘Kun.uz’ ijodiy guruhiga birinchi marta tajovuz qilishi emas. Shu yilning yanvarida ham aynan ushbu amaldor ko‘pchilik oldida ogohlantirib o‘tirmay, sayt videokameralariga yopishib, operatorlarga tashlangan edi. O‘shanda bu holatga ko‘z yumilgan edi. Biroq, bu mas’ul shaxsning bu safargi harakati hech qanday axloq me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Biz hokimlik binosiga tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni tasvirga olishni maqsad qilib borgan edik. Hokim o‘rinbosari esa kamera lavhasiga tushishni xohlamasligini oddiy so‘zlar bilan aytsa ham tushunarli bo‘lar edi. Aholi murojaatlari vaqtida bunday holatlar bo‘lib turadi va kimdir kamera qarshisida gapirishni istamasa, buni to‘g‘ri tushunish mumkin.

Biz-ku davlatning ochiqlik siyosatiga o‘z hissasini qo‘shayotgan jurnalistlarmiz. Maqsadimiz — xalq dardiga quloq tutish, odamlarning muammolarini yoritish, bu orqali shu kabi holatlar boshqa takrorlanmasligiga hissa qo‘shish-ku? Agar bu amaldorning oldiga oddiy fuqaro yoki tadbirkor shikoyat bilan borsa, qay ahvolga tushadi? Davlat rahbarining shaxsan o‘zi viloyat hokimlariga jurnalistlardan uzr so‘ra, deb turgan bir vaqtda hokim o‘rinbosarining bu tajovuzini qanday tushunish mumkin?

Vaholanki, ‘Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida’gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanishi ko‘rsatib qo‘yilgan. Nahotki, Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov qonun bo‘yicha davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlashi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta’minlashi yozib qo‘yilganidan bexabar bo‘lsa?

Qonun ustuvorligiga mas’ul idoralardan ushbu holat bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilishini so‘rab qolamiz”, — deyiladi xabarda.