14-avgust, chorshanba kuni Turkiyaning Istambul shahri mezbonlik qilgan futbol bo‘yicha Yevropa Superkubogida Yevropa Chempionlar Ligasi g‘olibi “Liverpul” Yevropa Ligasi sovrindori Londonning “Chelsi” klubiga qarshi maydonga tushdi.

Foto: Twitter/@LFC

Uchrashuv davomida “aristokratlar”dan Olivye Jiru (36) hamda Jorjinyo (101, penalti) o‘z nomiga bittadan gol yozdirib qo‘ygan bo‘lsa, Mersisayd klubi vingeri Sadio Mane 48 va 95-daqiqalarda Kepa Arrisabalaga darvozasini ikki bor ishg‘ol qildi.

Shu tariqa o‘yinning asosiy vaqti hamda qo‘shimcha bo‘limlar 2:2 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi.

Penaltilar seriyasida esa “Liverpul”ning qo‘li baland keldi va jamoa o‘z tarixida 4-marta Yevropa Superkubogini qo‘l kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, “qizillar” bunga qadar 1977, 2001 va 2005-yillarda ham mazkur sovringa ega chiqqandi.

Qayd etish joiz, bosh murabbiy Yurgen Klopp esa “Liverpul” bilan 4 yil mobaynida 2-marotaba nufuzli sovrinni o‘ziniki qildi.

Yevropa Superkubogi

14-avgust, chorshanba

“Liverpul”—“Chelsi” 2:2 (5:4—penaltilar seriyasi)

Gollar: 0:1 — Jiru, 1:1 — 48 Mane, 2:1 — 95 Mane, 2:2 — 101, penalti, Jorjinyo

“Liverpul”: Adrian, van Deyk, Matip, Robertson (Aleksander-Arnold, 90), Gomes, Henderson, Milner (Veynaldum, 64), Oksleyd-Chemberlen (Firmino, 46), Fabinyo, Mane (Origi, 103), Saloh

“Chelsi”: Arrisabalaga, Zuma, Kristensen (Tomori, 85), Emerson, Aspilikueta, Kovachich (Barkli, 101), Jorjinyo, Pulishich (Maunt, 74), Kante, Pedro, Jiru (Abraham, 74).

Penaltilar seriyasi: 1:0, 1:1, 2:1, 2:2, 3:2, 3:3, 4:3, 4:4, 5:4

Ogohlantirishlar:Aspilikueta (79), Henderson (85), Aleksander-Arnold (107)

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!