Azaldan yerlardan oqilona foydalanish, ushbu sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish dolzarb vazifa sanalgan. Prezident tomonidan imzolangan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun esa bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda dasturilamal vazifasini o‘taydi.

Xo‘sh, mazkur hujjatga muvofiq qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarni xususiylashtirish huquqi kimlarga berildi va u qanday tartibda amalga oshiriladi? Jurnalist Jonibek Ma’rupov shu kabi savollar bilan Oliy Majlis Senati a’zosi Tolibjon Madumarovga murojaat qildi.

Foto: Senat axborot xizmati

“Qayd etish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yer omiliga alohida urg‘u berilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ‘Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sababi, mazkur hujjat asosida yer uchastkalarini xususiylashtirish imkoniyati berildi. Qolaversa, unda ushbu yo‘nalishdagi qonunchilikni mustahkamlash ham belgilab berildi. Xususan, ‘Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida’gi qonun bu borada asosiy hujjat bo‘ladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi” — deydi senator Tolibjon Madumarov.

Prezident tomonidan imzolangan mazkur qonun 2020-yil 1-martdan e’tiboran kuchga kiradi.

Yana bir jihat, davlat rahbarining 13-avgustdagi farmoniga muvofiq, 2020-yil 1-fevralga qadar huquqiy eksperiment tariqasida Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartib-taomillari aprobatsiya qilinadi. Bu esa ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish, aholini biznes bilan shug‘ullanishga jalb qilish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadlariga yo‘naltirilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Shu o‘rinda aytish joizki, xususiylashtirilgan yerlarda zamonaviy tarmoqlar, chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar qad rostlashi uchun huquqiy asoslar yaratiladi. Bu bilan mahalliy tadbirkorlarning investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish va uning samarali ishlatilishi ta’minlanadi. Eng muhimi, xususiy mulkchilik huquqining davlat tomonidan muhofaza etilishi yanada mustahkamlanadi.

— Kimlar yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega? 

— Faqat O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirib olishi mumkin.

— Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarning hammasi xususiylashtiriladimi? 

— Yo‘q. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarning barchasini ham xususiylashtirishga ruxsat berilmaydi. Yer uchastkasining o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqqan holda, yer uchastkalari va ular bilan mustahkam bog‘langan obyektlar birligi prinsipi belgilanadi. Unga binoan joylashgan yer uchastkasi mulkdoriga tegishli bo‘lgan bino yoki inshootga mulkdorlik huquqi berilganda, bino yoki inshoot bilan band hamda undan foydalanish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkasiga egalik huquqi bino yoki inshootni sotib oluvchiga o‘tadi.

Shu bilan birga, Qonunda bu borada aniq norma belgilangan. Ya’ni:

* belgilangan tartibda rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda joylashgan yerlar;

* foydali qazilmalar konlari, davlat mulkidagi strategik obyektlar joylashgan yerlar;

* tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar;

* o‘rmon va suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari;

* erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan hamda shu kabi boshqa yerlar xususiylashtirilmaydi.

— Yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi qanday? 

— Yer uchastkalarini xususiylashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining qarorlari asosida pullik amalga oshiriladi. Buning uchun to‘lov miqdori yer uchastkasi xususiylashtirilgan kundagi yer solig‘i stavkasining karrali miqdorlarida belgilanadi.

Bo‘sh turgan va Urbanizatsiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish elektron onlayn-auksion orqali bajariladi. Eng muhimi, yer uchastkalarini xususiylashtirish faqat bosh rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalari, shuningdek, ko‘chmas mulk kadastr hujjatlari mavjud bo‘lgan aholi punktlarida joylashgan yer uchastkalariga nisbatan amalga oshiriladi. Belgilangan yer uchastkalarining boshlang‘ich bahosi auksionga qo‘yilgan vaqtda ularning bozor qiymatiga teng etib belgilanadi.

Shuningdek, qonunda xususiylashtirilgan yer uchastkalariga bo‘lgan mulkdorlik huquqi davlat tomonidan muhofaza qilinishi mustahkamlangan. Ya’ni ularning daxlsizligini kafolatlaydi. Bu o‘z navbatida belgilangan tartib-taomillarga zid ravishda yerlarning mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan olib qo‘yilishi kabi holatlarning bartaraf etilishiga xizmat qiladi.