Xorazm qovunchiligini keng targ‘ib qilish va bu orqali mahalliy hamda xorijiy sayyohlar e’tiborini jalb etish maqsadida Xiva shahrida har yili ayni qovun pishig‘ida an’anaviy tarzda qovun sayli tashkil qilinadi.

Foto: Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti

Ushbu festival hududga sayyohlar oqimini oshirish, vohaning qadimiy polizchilik tajribasi, poliz va bog‘dorchilik mahsulotlarining noyob tur va navlarini keng ommalashtirishga xizmat qiladi.

Mazkur tadbir doirasida poliz ekinlari va turli bog‘ mevalarining yangi uzilgan, quritilgan va qayta ishlangan ko‘rinishdagi mahsulotlaridan iborat “Gurvak — Xorazm qovunchiligining ramzi” savdo ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.

Foto: Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti

Dehqonlar va amaliyotchi olimlar qovunning unutilgan navlarini tiklash, eksportbop yangi navlarini yaratish va ko‘paytirish ustida ishlamoqda. Seleksioner olimlar tomonidan hosildorligi yuqori bo‘lgan, noqulay ob-havo sharoitlari, ayniqsa, oqpalak kasalligiga chidamli, eksportbop “Gurlan”, “Amudaryo”, “Gulobi Xorazmi”, “Saxovat”, “Zargulobi” navlarining yaratilgani bu boradagi izlanishlarga yorqin misol. Hozirda viloyatda qovunning 125 turi mavjud.

Har bir tuman va shahar uchun ajratilgan, bayramona bezatilgan pavilonlarda qovunlar o‘ziga xos manzarali ko‘rinishda namoyish etildi. Viloyat hokimligi tomonidan Bog‘ot, Gurlan, Qo‘shko‘pir, Yangiariq, Yangibozor, Xonqa, Hazorasp, Shovot, Xiva va Urganch tumanlariga Damas va Labo yengil avtomashinalari sovg‘a qilindi.

Foto: Xorazm viloyati turizmni rivojlantirish departamenti

Qovun sayli 18-avgustgacha davom etadi.