Jizzax viloyati Forish tumanida yashovchi R.M. o‘zi davolangan tuman markaziy shifoxonasining ichki kasalliklar bo‘limida sharoit yo‘qligi tufayli xonalarni suvarak (tarakan) bosib ketgani haqida tasvirga olgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaraga sabab bo‘lmoqda, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu vaziyatni o‘rganib, quyidagilarni ma’lum qiladi.

Forish tumani markaziy shifoxonasida tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘nga yaqin bo‘lim faoliyat yuritadi. Shifoxonaning barcha bo‘limlari 2017—2019-yillarda rekonstruksiya qilingan. Xususan, 50 o‘ringa mo‘ljallangan ichki kasalliklar bo‘limi ham joriy yil boshida kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan. Zamonaviy mebellar bilan jihozlangan barcha xonalarda muzlatkichlar bor. Shu bilan bir qatorda bo‘limlarda bemorlar ovqatlanishi uchun maxsus oshxona ham tashkil etilgan.

Shifoxonaning barcha bo‘limlarida sanitariya qoida va me’yorlariga rioya etilishi ustidan tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati bo‘limi tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Tibbiyot muassasasining barcha bo‘limlarida kuniga uch marta joriy tozalov o‘tkaziladi. Barcha xonalar har haftada mukammal tozalanadi, har chorakda dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya ishlari tashkil etiladi. Oxirgi marta joriy yil 15-iyul kuni ham shunday sanitar tozalov tadbirlari tashkil etilgan.

O‘rganish jarayonida tibbiyot muassasasining bo‘limlari va xonalarida antisanitariya holatlari aniqlanmagan. Xonalarda suvaraklar va boshqa hasharotlar yo‘q. Buni shifoxonada davolanayotgan boshqa bemorlar ham tasdiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, bemor R.M. davolanayotgan paytda shifoxona ichki tartib-qoidalariga rioya qilmagan. Natijada navbatchi shifokor va hamshira uni ogohlantirgan, hatto ish tibbiyot xodimlarining huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilishigacha borib yetgan. Tabiiyki, bu holat R.M.ga yoqmagan va shifokorlardan qasd olish maqsadida ushbu videolavhani uyushtirgan. Buni u o‘z tushuntirish xatida ham qayd etib, shifokorlardan uzr so‘ragan.

Shu o‘rinda, Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarga yana bir bor murojaat qiladi: tibbiyot muassasalarida davolanishning ham o‘z tartib-qoida va mas’uliyati bor. Bunga barcha birdek rioya qilishi, avvalo, shifo istab kelgan har bir insonning sog‘-salomat oilasi bag‘riga qaytishi uchun muhimdir.