O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-avgust kuni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta’minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish borasidagi natijalar ham tahlil qilindi.

Keyingi uch yilda bu sohani barqaror rivojlantirish, mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘plab qarorlar va dasturlar qabul qilindi. Fermerlar manfaatdorligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan iqtisodiy mexanizmlar joriy etildi.

Bugungi kunda iste’mol mahsulotlarining 70 foizi iqtisodiyotning ushbu tarmog‘ida yaratilmoqda. 180 turdan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 80 ta mamlakatga eksport qilinib, jami eksport tushayotgan daromadning 20-25 foizini ta’minlamoqda. Iqtisodiy faol aholining 27 foizi ushbu sohada band.

Hozirgacha 94 tumanda 76 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etilgan. Bu yilgi g‘alla hosili 7 million tonnadan ortdi. 15 ming gektar intensiv bog‘lar va 11 ming gektar tokzorlar barpo etildi.

Yig‘ilishda bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, kuz oylarida qo‘shimcha sabzavotlar ekish, tumanlarning tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqib, hosildorlikni oshirish chora-tadbirlari ham belgilandi.

Mahsulotlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilish bo‘yicha infratuzilmani rivojlantirish masalasi ko‘rilar ekan, joriy yil oxirigacha quvvati 150 ming tonna bo‘lgan 12 ta logistika markazi va sig‘imi 143 ming tonna bo‘lgan 224 ta muzlatkichli omborxonani ishga tushirish zarurligi qayd etildi.

G‘allachilik klasterlari, chorvachilik, parrandanchilik va baliqchilik komplekslari tashkil etish, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Ijtimoiy rivojlantirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Mamlakatda ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, sport va ilm-fan sohalari, xotin-qizlar va yoshlar masalalariga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Jumladan, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash sohalarini uzoq muddatli rivojlantirish bo‘yicha konsepsiyalar qabul qilindi. Ijtimoiy soha xodimlarining ish haqi o‘rtacha 1,5-2 barobarga oshirildi.

O‘tgan davrda 14 ta yangi oliy ta’lim muassasasi, jumladan, 6 ta mahalliy va 8 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 40 ta yangi ta’lim yo‘nalishi hamda 41 ta yangi mutaxassislik tashkil etildi. Qabul kvotalari o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga ko‘paytirildi.

Turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida 6 oyda O‘zbekistonga 3 million nafardan ortiq xorijiy turist tashrif buyurdi. Bu — o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘pdir. Shuningdek, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28 foiz ko‘p turizm xizmatlari eksport qilindi.

Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 100 milliard so‘m ajratildi. Joriy yilning 6 oyi davomida ushbu mablag‘larning 41 foizi o‘zlashtirilib, xotin-qizlar tomonidan 1 ming 755 ta loyiha amalga oshirildi va 2 ming 240 ta ish o‘rni yaratildi.

Yig‘ilishda ijtimoiy sohalarni yanada rivojlantirish, xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

“Barcha davlat idoralari va korxonalarida tizimli ishlash, qat’iy tartib-intizom, qabul qilingan qarorlarni so‘zsiz bajarish, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va amaliy yordam berish islohotlarimizning natijadorligini ta’minlashda asosiy omil bo‘lishi zarur va shart”, — dedi Prezident.

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, hududlar rahbarlari amalga oshirilgan ishlar samaradorligi, 9 oy va yil yakuni bo‘yicha kutilayotgan natijalar, bu boradagi ustuvor vazifalarni bajarish yuzasidan hisobot berdi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.