13-avgust, seshanba kuni Qozog‘istonning Sariag‘ash tumani sudi 2018-yilning boshida Aqto‘be viloyatida yong‘in tufayli 52 kishi halok bo‘lgan avtobus haydovchisiga hukm chiqardi. 46 yoshli Qozog‘iston fuqarosi Orduxan Mextiyev “bila turib texnik nosoz transport vositasini ishga chiqarish”da aybdor deb topilib, uch yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar beradi “NUZ.uz”.

Foto: “NUZ.uz”

Orduxan Mextiyev fojia sodir bo‘lganidan keyin bir yil davomida O‘zbekiston hududida yashirinib yurgan. Qozog‘iston hukumati uni xalqaro qidiruvga bergan edi. Ma’lum bo‘lishicha, uning nomuntazam yo‘lovchi tashish litsenziyasi bo‘lmagan, avtobus esa oxirgi marta 2015-yilda texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lgan.

Mextiyev 20-noyabr kuni Toshkentda qo‘lga olingan, 26-dekabr kuni Qozog‘istonga ekstraditsiya qilingan. Sud jarayonida Mextiyev o‘ziga nisbatan e’lon qilingan ayblovga qo‘shilmasligini bildirgan.

Mextiyev jazo muddatini minimal xavfsiz koloniyada o‘taydi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning 18-yanvarida “Chimkent—Samara” trassasi bo‘ylab harakatlangan avtobus yonib ketgan edi. Natijada avtobus ichida bo‘lgan 57 nafar O‘zbekiston fuqarosidan 52 nafari yonib ketgandi. Ikki nafar yo‘lovchi va uch nafar haydovchi omon qolgan. Noyabr oyida haydovchilar besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.