O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-avgust kuni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni ta’minlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda sanoatning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

“Oxirgi bir yilda yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ulushi 26 foizdan 30 foizga yetgan bo‘lsa-da, bu biz boshlagan islohotlar ko‘lamiga nisbatan hali yetarli emas”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yil oxiriga qadar Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 25 ta, “O‘zeltexsanoat”da 18 ta, “O‘zavtosanoat”da 7 ta, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 5 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha yangi quvvatlar ishga tushirilishini jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Qariyb 100 xil turdagi kundalik iste’mol tovarlarini sanoat kooperatsiyasi orqali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, korxonalar bilan manzilli ishlab, ularning quvvatini oshirishga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlandi.

Mamlakatda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb e’lon qilingan joriy yilda sarmoyalar, avvalo, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish va o‘zlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Birinchi yarim yillikda qariyb 86 trillion so‘m, ya’ni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘p investitsiyalar o‘zlashtirilgani bunga yaqqol misoldir. Shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi 2,7 barobar, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etilishi 3,7 barobar o‘sgan.

Alohida ta’kidlash joizki, mamlakat tarixida birinchi marta investitsiyaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 38 foizdan oshdi. Oldingi yillarda bu ko‘rsatkich 25 foizga ham yetmasdi.

12-avgust kuni o‘tkazilgan videoselektorda investitsiyalar va eksport hajmini ko‘paytirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni o‘z muddatida va sifatli bajarilishini ta’minlash kerakligi yana bir bor qayd etildi.

Yoqilg‘i-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tarmoqda yagona davlat siyosatini olib boruvchi Energetika vazirligi tashkil qilindi.

Yig‘ilishda bu sohani izchil rivojlantirish, tobora o‘sib borayotgan ichki ehtiyojni qondirish uchun xomashyo bazasini muntazam kengaytirib borish kerakligi qayd etildi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish va yetkazib berishda yo‘qotishlarni kamaytirish, energiya resurslari uchun hisob-kitoblar tizimini tartibga solish, debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Kimyo sanoatida yangi mahsulotlar ishlab chiqaradigan 4 ta korxonani yil yakunigacha foydalanishga topshirish, 31 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha ishlarni tezlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish, butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirib, mahsulotlar tannarxini pasaytirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilib berildi.

Shundan so‘ng hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunikatsiyalar infratuzilmasini yaxshilash masalalari ko‘rib chiqildi.

Hisobot davrida uy-joylar, yo‘l-logistika va ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Obod qishloq” dasturi doirasida 159 tumandagi 478 ta qishloq yangicha qiyofa kasb etdi, ularga ichimlik suvi, gaz va elektr tarmoqlari tortildi. Shuningdek, 3,6 ming kilometr avtomobil yo‘llarida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.

Bu boradagi ishlarni davom ettirib, aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash masalalariga yana bir bor e’tibor qaratildi.

Yil yakuniga qadar 10 mingta uy-joy va 111 ta ko‘p qavatli uyni qurib bitkazish, 1 ming 200 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, ularning sifati va narxlarini alohida nazoratga olish zarurligi ta’kidlandi.

Transportda yo‘lovchi va yuk tashish sifatini oshirish masalasi muhokama qilinar ekan, mutasaddilarga 10 ming kilometrlik respublika va mahalliy yo‘llarni qurish va ta’mirlash, xalqaro yuk tashishlarga ixtisoslashgan transport-logistika qo‘shma korxonalarini tuzish, Buxoro, Qarshi, Nukus va Termiz xalqaro aeroportlarini “ochiq osmon” rejimiga o‘tkazish, “Navoiy quruqlik porti”ni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish, shaharsozlik normalari va loyihalashtirish jarayonlarini takomillashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish yuzasidan ham vazifalar belgilandi.