Hokimlar, Qurilish vazirligi, Kadastr qo‘mitasi va boshqa vakolatli davlat organlari rahbarlari Konstitutsiyaning xususiy mulk daxlsizligi, iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini ta’minlash, tajovuzlardan himoya qilish to‘g‘risidagi normalarga rioya qilish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantiriladi. Bu Prezidentning joriy yil 13-avgust kuni e’lon qilingan farmonida ko‘zda tutilgan.

Foto: Zarnews

Bosh prokuratura va Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil:

xususiy mulkdorlarga ularning huquqlarini buzgan holda zarar yetkazilishi, jumladan, mulk huquqini noqonuniy cheklash va (yoki) undan mahrum qilish, xususiy mulkka, jumladan, avval xususiylashtirilgan mulkka tajovuz qilish, mulkdorga qasddan nomaqbul shartlarni, shu jumladan, mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishga doir asossiz talablarni qo‘yish, shuningdek, mulkni olib qo‘yish yoxud mulk egasini shaxsiy mulk huquqidan voz kechishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish;

mansabdor shaxslar tomonidan suiiste’mol va qonunbuzarlik holatlarining oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur choralarni ko‘rish topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklariga quyidagilar taqiqlandi:

Tadbirkorlik subyektlarini o‘zlarining asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlar, jumladan, homiylik va xayriya yordami ko‘rsatish ishlari, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, temir-tersak va makulatura yig‘ish hamda boshqa ishlarga majburiy jalb qilish;

Har qanday shaklda qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga (ekish va yig‘ib olish ishlariga) va mehnat resurslari, pul mablag‘lari va boshqa moddiy boyliklarni yo‘naltirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;

Ular ishtirokida majburiy tartibda, shu jumladan, ularga nisbatan ma’muriy va boshqa choralarni qo‘llash tahdidi ostida yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish.