Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi Nukus garnizoni harbiy qismlaridan birida davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash doirasida yangi mini-futbol maydonchasi va tadbirkor ayol Gulshod Isoqova rahbarligidagi “Bekajon” tikuv sexining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati

Unda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari va okrug qo‘mondonligi, tuman hokimiyat vakillari va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi. Marosimdan so‘z olgan mehmonlar harbiy shaharchada istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini yangilik bilan qutladi.

Mini-futbol maydonchasining barpo etilishi ayniqsa, futbolga qiziqishi bo‘lgan yoshlarni quvontirdi. Tikuvchilik sexi harbiy xizmatchlarning oilalarini ish bilan ta’minlashga xizmat qildi. Harbiy shaharchada maktabgacha ta’lim muassasasining barpo etilganiga hali uncha ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lmasa-da, galdagi o‘zgarishlar harbiylarning oilalariga zavq ulashdi, deyiladi xabarda.

Foto: Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati

Mudofaa vazirligidan tashrif buyurgan mas’ul ofitserlar marosim so‘ngida harbiy shaharchada istiqomat qilayotgan harbiylarning oilalari sharoiti bilan yaqindan tanishib, mavjud muammolarni o‘rgandi.

Foto: Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati

Foto: Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati