Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram-kanali bloger qanday hollarda post ostidagi izohni o‘chirishi lozimligi haqida ma’lumot berdi.

Foto: Google Images

2014-yilda “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq (ushbu talablar blogerga ham taaluqli), veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasidan quyidagi maqsadlarda foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmasligi shart:

  • mavjud konstitutsiyaviy tuzumni, hududiy yaxlitlikni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish;
  • urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish;
  • davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;
  • milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;
  • giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;
  • pornografiyani targ‘ib qilish;
  • qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish.

Demak, postlar tagidagi sharhlarda yuqorida qayd etib o‘tilgan axborotlar mavjud bo‘lgan fikrlar, chaqiriqlar bo‘lsa, qonun talabiga ko‘ra blogerlar u sharhlarni o‘chirishi lozim bo‘ladi.