Vashington o‘z ittifoqdoshlari bilan Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga o‘rta masofaga mo‘ljallangan raketalarni joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda AQSh davlat kotibining qurollanish va xalqaro xavfsizlik nazorati bo‘yicha o‘rinbosari Andrea Tompsonga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Foto: “Voennoe obozrenie”

Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqada joylashgan davlatlarning rahbarlari o‘z hududiga Amerikaga tegishli qurollarni joylashtirishga ruxsat berish yoki bermaslikni mustaqil hal etadi.

“Mazkur mintaqaga oid har qanday qaror ittifoqdoshlarimiz bilan maslahatlashgan holda qabul qilinadi, bu AQShning bir tomonlama qarori emas”, — deydi Tompson.

Topmsonning ta’kidlashicha, AQShning hamkorlari va ittifoqdoshlari Vashintonning o‘rta va qisqa masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomadan chiqishini “ijobiy baholagan”. AQSh davlat kotibi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Vashington qurollanish ustidan nazoratni o‘rnatishga oid yangi kelishuvni tuzishda Rossiya va Xitoy konsultatsiyasiga umid qiladi.

AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo iyul oyida jurnalistlarga bergan intervyusida Vashington Osiyoda o‘rta masofaga mo‘ljallangan yangi raketalarni joylashtirishini ma’lum qilgandi. Yangi qurollanish amalga oshiriladigan davlat ro‘yxatidan Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliya o‘rin olgani aytilmoqda.