“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida” gi qonun Prezident tomonidan imzolandi, deb yozadi  “Huquqiy axborot”.

Foto: Google Images

Qonunga ko‘ra, yer uchastkalarini xususiylashtirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

  • doimiy foydalanish (egalik qilish) yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotib olish;
  • yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotish.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan jismoniy shaxslar va O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirishi mumkin.

Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:

  • xususiylashtirilmaydigan foydali qazilmalar konlari, davlat mulkidagi strategik obyektlar joylashgan yer uchastkalari;
  • rejalashtirish sxemalari bo‘lmagan hududlarda joylashgan yer uchastkalari; tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari;
  • o‘rmon va suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar);
  • xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari;
  • erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari.

Qonun 2020-yil 1-martdan e’tiboran kuchga kiradi.