12-avgust kuni 22:23 da Toshkent shahri Mirobod tumani “Tong Yulduzi” mahallasida joylashgan 1-, 174- va 178-uylarda yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushdi. Bu haqda FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi xabar berdi.

Foto: “Yoshlar.com”

Xabar asosida voqea joyiga 4 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmasi jalb etilgan. Bo‘linmalar ko‘rsatilgan manzilga soat 22:28 da yetib borgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 22:48 da qurshab olingan va 23:30 da to‘liq o‘chirilgan. Yong‘inda Hamal ko‘chasi 1-uyda yashovchi fuqaro O.M. kuyish tan jarohati bilan shifoxonaga yuborilgan.

Hamal ko‘chasidagi 1-uyning 130 kvadrat metr maydonda tomi, shifti va ichki jihozlari yonib, alanga maydoni kengayishi oqibatida Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan 174- va 178-uylardagi xujraxonalarining 10 kvadrat metr maydondan tom qismi yonib zararlangan. Yong‘indan uylarning 105 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan.

Hodisa sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.