“Yuksalish” umummilliy harakati ofisida “Jamoatchilik” onlayn-platformasi faoliyatining dastlabki natijalari sarhisobiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: “Yuksalish” umummilliy harakati

Unda 10 dan ortiq mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, kelib tushgan taklif mualliflari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

12-avgust holatiga platformaga kelib tushgan xabar va takliflar soni 500 ga yaqinlashdi va bu ko‘rsatkich o‘sib bormoqda. Ular turli sohalar bo‘yicha yuborilmoqda. Xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash, moliya va kreditlash, energetika va kommunal xizmatlar, pasport tizimi va fuqarolikni rasmiylashtirish, majburiy mehnat va korrupsiyaga qarshi kurashish kabi ko‘plab sohalar bo‘yicha 420 dan ortiq o‘rinli va asosli takliflar kelib tushdi. Ularning aksariyati amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq.

Tadbir davomida platforma faoliyati tahlil qilinib, oraliq natijalar e’lon qilindi. Xususan, kelib tushgan takliflar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari o‘z fikrlarini bildirib, ularni hayotga tatbiq etish imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi. Ishtirokchilar tomonidan kelib tushgan fikrlarning deyarli barchasi konstruktiv ekanligi ta’kidlandi.

Muhokamalar yakuniga ko‘ra tomonlar portal faoliyatini yanada kengaytirish, vazirlik va idoralar to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqarolar takliflariga javob qaytarishi orqali tezkorlik imkoniyatini yanada oshirishga kelishib oldi.