Zamona zayliga qaramay, o‘zbeklar an’anaviy turmush tarzini, oilaviy hayotni qadrlaydigan xalq bo‘lib qolmoqda. Ammo bu an’anaviylik, oilaparvarlik qadriyatlar turmush tarzi o‘zgarishi asnosida qiyinchiliklarga duch kelmoqda: oilaviy rishtalarni doim ham mustahkam saqlash imkoni bo‘lmayapti, manfaatlar, hayotdan ko‘zlangan maqsadlar farq qilishi tufayli oilalar buzilib ketmoqda. Bu orada esa bolalar ota-onasiz qolmoqda...
To‘g‘ri, ota-onasiz farzandlar hozir O‘zbekistonda ayrim davlatlardagidek juda ko‘payib, ulkan muammoga aylanmagan, mehribonlik uylari to‘lib-toshmagan. Shunga qaramay, har bir odam, har bir bola mehrga muhtoj.
Xalq orasida tez-tez bir narsani eshitib qolamiz: ko‘pgina o‘zbek oilalariga begona farzandni asrab olib tarbiyalash “uyatli” yoki “hijolatli” tuyuladi. Ya’ni bu masalada an’anaviylik o‘zbek xalqining bolajonligiga zid keladi. O‘zlari farzand ko‘rmagan oilalar-ku, bola asrab olishga har doim ham jur’at etmas ekan, farzandi bo‘lishiga qaramay bola asrab oladiganlarni qidirib topish undanam qiyin bo‘lsa kerak.
Albatta, hamma ham yuqoridagi fikrga qo‘shilmaydi. Bu shunchaki bir stereotip, asossiz mubolag‘a bo‘lishi mumkin. Jamiyatimiz turfa odamlardan tashkil topgan axir. Lekin yuzaki kuzatuvlarimiz jamiyatimizda bola asrab olish noodatiy, erish hisoblanishini (“yetim qo‘zi asrasang...” deb boshlanuvchi xunuk bir maqol ham bor) va harqalay rivojlangan G‘arb davlatlaridagi bola asrab olish madaniyati bizda hali shakllanmaganini tasdiqlamoqda.
Bu xulosalarimizga qo‘shilmaydiganlarning fikrlarini, e’tirozlarini va kerak bo‘lsa hayotiy hikoyalarini kutib qolamiz — “Daryo” har qanday nuqtai nazarni, hayotiy hikoyani chop etishga tayyor.
Hozircha esa o‘quvchilar diqqatiga “Daryo” kolumnistining yurtimizdagi bir mehribonlik uyi haqidagi reportajini taqdim etamiz. Tashrif asnosida u bizni qiziqtirgan savollarga javob qidirib ko‘rdi: mehribonlik uylarida bola ko‘pmi? ularni nega tashlab ketishmoqda? ularni asrab olishyaptimi? ota-onasiz o‘sayotgan vatandoshlarimizning kelajagi qanday bo‘ladi?
* * *
Yaqinda bir Facebook foydalanuvchisi yozgan fikrga ko‘zim tushdi. Unda bola asrab olishdagi hujjatbozlik va shu sababdan yuzaga keladigan muammolar haqida fikr yuritilgan. Ta’kidlanishicha, farzand asrab olishni istagan odamlar muayyan yugur-yugurlarga duch keladi va ayrimlar bola asrab olish fikridan qaytadi.
Bunga oydinlik kiritish maqsadida bola asrab olishga aloqador hujjatlar bilan tanishib chiqdim.
Kimlar bola asrab olishi mumkin?
Mehribonlik uylari Xalq ta’limi vazirligiga qaraydi. Farzandlikka olish bilan bog‘liq masalalar Oila va fuqarolik kodekslarida belgilab qo‘yilgan.
Qonunchilikka muvofiq, barcha voyaga yetgan fuqarolar bola asrab olishi mumkin. Lekin quyidagi hollarda farzandlikka olishga ruxsat berilmaydi:
- ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
- muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganlar;
- asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar;
- farzandlikka olgani bekor qilingan sobiq farzandlikka oluvchilar;
- qasddan sodir qilingan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilinganlar.
Nikohda turmaydigan shaxslar ham bola asrab olishi mumkin.
Farzandlikka olinuvchining qarindoshlari, uning oilasida yashayotgan shaxs, O‘zbekiston fuqarolari, aka-uka, opa-singillarni ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan – birga farzandlikka olayotgan shaxslar, o‘gay ota va o‘gay ona, kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar farzand asrab olishda imtiyozga ega.
Dilbar Orziyeva: Mehribonlik uyimizda 105 nafar o‘g‘il-qiz tarbiyalanadi. Shulardan to‘qqiz nafarini 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 51 nafarini qizlar tashkil etadi. Yaqinda, fevral oyida (2019-yil 12-fevral — “Daryo”) chiqqan yangi qaror ijrosiga ko‘ra, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari sonini sog‘lom ravishda kamaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Qanchalik qiyin bo‘lishiga qaramay, ota-onalar majlislari o‘tkazishga harakat qilyapmiz va ularning natijasida shunday xulosaga kelyapmizki, ota-onalar moddiy sharoitlari yaxshilansa, farzandlarini qaytarib olishga xayrixoh. Shu vaziyatni hisobga olgan holda Navbahor tumani va Navoiy shahar hokimligi bilan hamkorlikda ikki tarbiyalanuvchimiz oilasi bag‘riga qaytarildi va ularga narxi arzonlashtirilgan uylar berildi. Bilasizmi, bu yerda bolalarga hamma sharoitlar yaratilgan, lekin bolalar maktabga qatnash yo‘li uzoq bo‘lsa ham, uyida yetarli sharoit bo‘lmasa ham oila bag‘riga tashna, oila bag‘rini tanlaydi. Bolalarga mehr kerak! Uyiga qaytayotgan yoki kimdir asrab olgan tengdoshi bilan xayrlashayotgan bolalarimizning ko‘zidagi, qalbidagi so‘roqlarni tasavvur qilyapsizmi? Bular uchun kimdir javob berishi kerak!
“Daryo”: Ota-onalar farzandlarini ko‘pincha qanday sabablarga ko‘ra olib keladi?
D.O.: Farzandini olib keladiganlarning ko‘pchiligi yolg‘iz onalar, boquvchisini yo‘qotganlar. “Bolamni boqishga sharoitim yo‘q”, “ishsizman”, “erim Rossiyaga ketib, qaytib kelmadi” kabi sabablar bu kabi ayollarni kechirishga asos bo‘la olmaydi. Ishsizman deganlarga ish topib berishsa, u ish tanlashni boshlaydi, yana bahonalar izlaydi.
Yaqinda muassasamizga harbiylar keldi. Ulardan birining gapi meni juda ta’sirlantirdi. Bolalarning “formangiz chiroyli ekan, men ham katta bo‘lsam vatan himoyachisi bo‘laman”, degan gapiga javoban u shunday dedi: “Vatanni himoya qilish uchun askar bo‘lish shart emas. Aslida har birimiz vatan himoyachilarimiz”. O‘qituvchi bolalarga yaxshi ta’lim berish bilan vatanni himoya qiladi, shifokor bemorlarni davolab, yurtga xizmat ko‘rsatadi, shuningdek, ota-onalar ham farzandini yaxshi tarbiyalab voyaga yetkazish bilan vatan ravnaqiga hissa qo‘shishi kerak. Bu mas’uliyatdan tonganlarni kechirib bo‘ladimi?!
Bola asrab olish qanday amalga oshiriladi?
Birinchi navbatda, farzandlikka olishni xohlovchi shaxs yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga shu masalada ariza bilan murojaat qiladi. Ular arizaga ilova tarzida quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak bo‘ladi:
- nikoh to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda bo‘lsa);
- oila a’zolari ko‘rsatilgan holda yashash joyidan ma’lumotnoma;
- ish joyidan ish haqi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma;
- ish joyidan yoki yashash joyidan tavsifnoma;
- farzandlikka olishni xohlovchi shaxsning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy maslahat komissiyasi xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanseri ma’lumotnomalari;
- sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq mulk huquqidagi, ijara shartlaridagi yoki boshqa asoslardagi uy-joy mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat.
Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar 30 ish kuni davomida o‘rganib chiqiladi va yakuniy xulosa qaror qabul qilingan kundan boshlab besh kun ichida ariza beruvchiga yetkaziladi. Agar murojaat rad etilsa, ariza topshirish davomida taqdim etilgan hujjatlar qaytarib beriladi. Ariza beruvchi chiqarilgan qaror ustidan shikoyat qilish huquqiga ega. Tuman, shahar hokimining farzandlikka olish haqidagi qarori chiqarilgunga qadar farzandlikka oluvchilar o‘z arizalarini qaytarib olishga haqli.
D.O.: Ha, ko‘pincha bolani qayta olib ketaman deb olib kelishadi, lekin bu yolg‘onligini bolaning o‘zidan bo‘lak hammamiz bilamiz.
Men sizga bir voqea aytib beraman. Yaqinda bir bolani olib kelishdi. Biz bolalarni muhitga o‘rganib ketishi, sog‘lig‘ini tekshirish va boshqa qonunda ko‘zda tutilgan sabablar tufayli bir necha kun alohida xonalarda saqlaymiz. Xona yaqinidan o‘tib ketayotib qulog‘imga doimiy tarbiyalanuvchimiz va yangi bolaning suhbati chalindi:
“Uka, oting nima?”
“Falonchi”.
“Onang bormi?”
“Bor”.
“Dadang qayerda ishlaydi?”
“Qaysi?” (savol qiziqarli)
“Yo‘q, odamning dadasi bitta bo‘ladi”.
“Yo‘q, mani dadam bor, dadam bor, dadam bor”.
“Yo‘q, adashyapsan, odamning onasi ham, dadasi ham bitta bo‘ladi”.
“Ha”, — deb qo‘ydi bola hech nimani tushunmay.
“Qachon kelaman dedi onang?”
“Yarim soatda”.
“Ha, uka, yig‘laganning foydasi yo‘q, endi yarim soat emas, necha yil kutsang ham, onang kelmaydi”.
Tasavvur qilyapsizmi, kimlarning bolasini tarbiyalayapmiz? Bir davra suhbatida bo‘lganimizda imom-xatib bizga shunday dedi: “Sizlar eng xavfli odamlar bilan ishlaysizlar”. Xavfli?! Inson o‘z farzandini xavfli deyishini faraz qilib ko‘ring.
Farzandlikka olish qanday rasmiylashtiriladi?
Farzandlikka olingach, bolaga yangi tug‘ilganlik haqida guvohnoma taqdim etiladi. Unda bolaning ota-onasi sifatida farzandlikka oluvchi qayd etiladi. Bolaning ismini, sharifini, agar farq bir yildan ortiqni tashkil qilmasa, tug‘ilgan vaqtini ham o‘zgartirish mumkin. Bola o‘n yoshdan oshmagan bo‘lsa, tug‘ilgan yeri ham o‘zgartirilishiga ruxsat beriladi. Bola asrab oluvchi va bola o‘rtasidagi yosh 15 yoshdan kam bo‘lmasligi kerak. Bola o‘n yoshdan katta bo‘lsa, farzandlikka olishda uning ham roziligi olinadi. Farzandlikka olish jarayonida farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining ham roziligi talab etiladi. Quyidagi holatlar bundan mustasno:
- ota-onaning kimligi noma’lum bo‘lsa;
- ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa;
- ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e’lon qilingan bo‘lsa;
- ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan bo‘lsa.
Farzandlikka olingan shaxs o‘z ota-onasi va qarindoshlari bilan bog‘liq mulkiy huquqlarini yo‘qotadi. Masalan, asrab olingan bolaning ota-onasidan qolgan meros ortiq unga daxldor bo‘lmaydi.
Farzandlikka olish sir tutilishi ta’minlanadi.
D.O.: Bolalarimiz orasida chin yetimlari bor. Ular ota-onasidan ko‘rolmagan mehrni atrofdagilardan olishga, qaytarishga harakat qiladi, yaxshi amallarga moyil bo‘ladi. Ammo ota-onasi tirik bo‘la turib bizda tarbiyalanayotgan bolalarning ko‘pchiligida bilinar-bilinmas alam, o‘ch olish hissi ko‘zga tashlanadi. Boqimandalik shakllanadi. Mana shu eng qo‘rqinchlisi.
* * *
Bu ma’yus dargohga tashrifim chog‘ida Dilbar opa yagona suhbatdoshim bo‘lmadi. Yana bir qahramonim bilan o‘quvchilarimni tanishtirmoqchiman.
Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan suhbat qilishni maqsad qilgandim, ammo, buni qarangki, ularning 4-sinfgacha bo‘lgan qismi lagerga, qolgan qismi sayr qilgani bog‘ga ketgan ekan. O‘zimga arang suhbatdosh topdim.
Sevara 16 yoshda. U kelajakda tarjimon bo‘lmoqchi.
— Bu yer qanaqa? Nima deya olasiz?
— Yaxshi, hamma sharoitlari bor. Tarbiyachilarimiz mehribon. Biz shahardagi uchta maktabga boramiz. Men – 16-ga. Umuman, men hammasidan roziman.
— To‘kis yerning o‘zi yo‘q, hamma yerda kamchilik bo‘ladi.
— Yo‘q, bu yerda yo‘q, balki bordir, lekin bizga bilinmaydi. Menga bu yer yoqadi.
— Kutubxonangiz bormi?
— Ha. Men kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman. Ayniqsa detektiv asarlarni.
— Telefon ishlatishga ruxsat berishadimi?
— Ha, faqat yozda.
— Sizda telefon bo‘lishini istaysizmi?
— Bilmadim.
Qizning oilasi, ota-onasi haqida so‘rashga botinmadim. U hamma sharoitlar yetarliligini bot-bot takrorladi. To‘g‘ri, odam o‘zi non-tuz yegan yerini yomonlamaydi. Uning ko‘zida ham shu ma’noni uqdim. Bolalar “ayalariga” (mehribonlik uyi xodimlarini shunday chaqirishar ekan) ishonadi. Mas’ullar bu ishonchni yanada ko‘proq oqlashga hafakat qilishini so‘ragan bo‘lar edim.
Sevara bilan yaxshi kayfiyatda, yana ko‘rishishni niyat qilib xayrlashdik.
* * *
Dilbar opa bilan suhbatimiz bir soatcha davom etdi. Gurungning ikkinchi yarmida xalqimiz orasida bola asrab olish uyatli sanalishi borasidagi gap-so‘zlarni tasdiqlatib olish yoki rad etish uchun savol berishga jazm etdim.
“Daryo”: Bola asrab olish holatlari ko‘pmi yoki topshirish? Xalqning bola asrab olishga munosabati qanday? Farzand asrab olishdan tortinish, uyalish holatlari ko‘p bo‘lsa kerak?
D.O.: Yo‘q, bola asrab olish kam deb ayta olmayman. Bilasiz, o‘zbek xalqi bolajon xalq. Har kuni kamida 3—4 oila farzand so‘rab keladi. Lekin gap shundaki, bola asrab olmoqchi bo‘lganlarning ko‘pchiligi 3 yoshgacha bo‘lgan bola asrab olishni ma’qul ko‘radi; sababini o‘zingiz tushunasiz. Bizda esa bunday yoshdagi bolalar kam. Shu bilan birga, bola tanlash holatlarida ham noxush vaziyatlar bo‘lib turadi: tushunishmaydiki, bola buyum emas, tirik jon.
Bola qanday tanlanadi?
Arizasi ijobiy javob olgan fuqaroga u farzandga olishi mumkin bo‘lgan bola to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etiladi va uni ko‘rish uchun yo‘llanma beriladi. Farzandlikka oluvchi bolani tanlay olmasa, u boshqa xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo‘limiga yoki Xalq ta’limi vazirligiga murojaat etishi mumkin.
Farzandlikka olinuvchi haqida quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
- bola er-xotindan biri tomonidan farzandlikka olinayotgan bo‘lsa, xotin yoki erning yozma roziligi (agar er-xotin oilaviy munosabatni tugatgan, bir yildan oshiq birgalikda yashamayotgan va er yoki xotinning turar joyi noma’lum bo‘lsa, narigi tomonning yozma roziligi talab etilmaydi);
- farzandlikka olinuvchi ota-onasining notarial ravishda tasdiqlangan roziligi;
- ota-onasining vafot etgani haqida ma’lumotnoma yoki ota-onalik huquqidan mahrum etilgani to‘g‘risida, ota-onalar, muomalaga layoqatsiz yoki layoqati cheklangan, bedarak yo‘qolgan yoki o‘lgan deb topilgani to‘g‘risidagi sud qarori;
- ota-onaning bolani tarbiyasi va ta’minotidan voz kechgani to‘g‘risidagi arizasi, ota-onaga qidiruv e’lon qilingani haqidagi hujjatlar, ichki ishlar, tarbiyalash, davolash va boshqa muassasalarning bola tashlab ketilgani haqidagi dalolatnomasi va boshqa hujjatlar;
- davolash muassasasining bolaning jismoniy va ruhiy rivojlanishi to‘g‘risidagi xulosasi.
D.O.: Ha, bir necha marta shunday vaziyat bo‘lgan. Buning oqibatida bolada oilaga munosabat sovuqlashadi. Qaytarib olib kelingan bir qizdan yangi oilaga topshirish uchun rozilik so‘raganimizda u keskin rad qilgan, menga oila kerak emas, shu yerda qolaman, degan. “Oyijon, meni hech kimga berib yubormaysiz-a?” deb umid bilan tikilib turgan ko‘zlarga qaraganida kishi g‘alati ahvolga tushadi.
“Daryo”: Bola asrab olgan oilaga qandaydir imtiyozlar beriladimi?
D.O.: Prezidentimiz yaqinda imzolagan qarorning patronat oilaga asrab olingan bola uchun ma’lum miqdorda pul to‘lanishi (820 ming so‘m — “Daryo”) bilan bog‘liq bandi ko‘pchilik farzandlikka olishni istovchilarni shoshirib qo‘ydi. Ikki bola olib tarbiyalayman, uch bola olaman deb da’vo qiluvchilar ko‘paydi. Bu pul bolaga, uning shaxsiy rivojlanishiga sarflanishini tushunishmayapti. Bu achinarli hol.
* * *
Mehribonlik uyi darvozasidan kirishim bilan eshitgan javobim — “direktor yo‘q edilar!” — menda rejalashtirgan suhbatim unchalik muvaffaqiyatli o‘tmasa kerak, degan taassurot uyg‘otgan edi. Lekin binoga kirganimda salkam qo‘limdan tutib o‘zi qabulxonagacha kuzatib qo‘ygan bolakay shashtimni qaytardi.
Dilbar opa bilan bo‘lgan suhbat meni masalaga chuqurroq qarashga undadi. Bizning — mehribonlik uyiga ishi tushmaganlarning o‘ylarimiz bu yerdagi vaziyat oldida o‘ta jo‘nligiga amin bo‘ldim.
“Mehribonlik uyimiz 1995-yilda tashkil etilgan va bugungi kungacha 300 dan ortiq tarbiyalanuvchini o‘z bag‘riga oldi, — dedi opa suhbat yakunida. — Bolalarimizdan 20 ga yaqini hozirgi kunda OTMlarda tahsil olmoqda, hayotda o‘z yo‘lini topgan.
Menimcha, mahallalar, ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlasak, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan o‘z vaqtida xabar olinsa, ishsizlar ish bilan ta’minlansa, bizga olib kelinadigan bolalar — ko‘ngli yarimlar soni kamayadi”.
Opaning savollarimdan biriga ota-onalar farzand asrab olishdan uyalmaydi, chindan farzandga muhtojlar bunday o‘ydan buyunlay yiroq, deb bergan javobi meni quvontirdi. Chindan ham, bir bolani va o‘zini baxtli qilish uchun oldinga qadam tashlashdan nega qo‘rqish kerak? Nega iymanish kerak?
“Ba’zilar bolalarni do‘kondan buyum tanlaganday tanlashga urinadi, yaxshi sharoitini ro‘kach qiladi. Shunday hollarda, mayli meni qo‘pol ayol ekan deb o‘ylashsa ham, ularga keskin javob qaytaraman. Ular tirik jon istagida kelganlar!” dedi Dilbar opa gap orasida. Angladimki, bu yerning bolalari ishonchli qo‘lda. Mehribonlik uyida yana mehmon bo‘lishni maqsad qildim.
Mehribonlik uyi bolalarining ko‘zida nimadir bo‘ladi. Birida o‘kinch, birida alam, birida sog‘inch, boshqasida esa bo‘shliq. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari haqida yuradigan har xil gap-so‘zlar, maqollar haqiqatni aks ettirmaydi. Bolalar uyida barcha bolalar singari pok yaratiqlar yashaydi. Ular bir narsasi bilan boshqa bolalardan farq qilishi mumkin — mehrga va e’tiborga zorligi bilan. Bu kamchilikni to‘ldirishga urinayotgan Dilbar opa singari odamlarga rahmat aytaman.
Dilbar Ismatullayeva
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)