Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbarlari qutlug‘ Qurbon hayiti munosabati bilan bir-birlarini hamda azaliy qardosh xalqlarimizni qizg‘in qutlab, eng ezgu va samimiy tilaklarini izhor etdi.

Prezidentlar so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonch, birodarlik, strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan aloqalar siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Muloqot chog‘ida joriy yil 5—6-avgust kunlari Anqarada O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirlari hamraisligida bo‘lib o‘tgan Strategiyani rejalashtirish guruhining birinchi yig‘ilishi natijalari hamda Turkiyaning dunyodagi elchilarining o‘n birinchi konferensiyasida O‘zbekiston delegatsiyasining faxriy mehmon sifatidagi ishtirokini yuqori baholandi.

Prezidentlar raisligida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi O‘zbekiston—Turkiya strategik hamkorlik kengashi ilk yig‘ilishiga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi alohida qayd etildi.

Suhbatda turli yo‘nalishlarda imzolangan bitim va loyihalar, erishilgan o‘zaro manfaatli kelishuvlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha tomonlarning intilishi qat’iy va mushtarak ekanligi ta’kidlandi.

Do‘stona va ochiq ruhda kechgan muloqotda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.