O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi 6-avgust kuni Moskva viloyatida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida O‘zbekiston fuqarolari B.A. va Sh.B. vafot etgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan xabarni tasdiqladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Jarohat olgan O‘zbekiston fuqarolari K.Q. va U.A.ga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan, hozirda ular Sergiyevo-Posadskiy tumanida yashovchi qarindoshlari bilan birga turibdi.
Elchixona vaziyatni nazoratga oldi va O‘zbekistonning Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat masalalari agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumlarning jasadlarini O‘zbekistonga yuborishga doir konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarini hal qilmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi.
“Konsullik-huquqiy departamenti Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod, Bryansk, Vladimir, Voronej, Ivanovo, Kaluga, Kastroma, Kursk, Lipetsk, Orlov/Oryol, Ryazan, Smolensk, Tambov, Tver, Tula, Yaroslav, Moskva viloyatlari hamda Moskva shahri) va Armaniston hududidagi O‘zbekiston fuqarolari zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi Elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi: +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)