“Vaqf” xayriya jamoat fondining “Vaqf mulki va obi-hayot” aksiyasi doirasida Samarqand viloyati Nurobod tumani hududida joylashgan “Oqsoy” mahalla fuqarolar yig‘iniga ichimlik suvi chiqarilishi bo‘yicha xayrli ish amalga oshirildi. Bu haqda “Vaqf” xayriya jamoat fondi matbuot xizmati ma’lumotlariga tayanib O‘zA xabar qildi.
Ushbu amaliy ishlar “Oqsoy” MFY raisi va bir guruh faollarining Vaqf” fondiga murojaati yuzasidan boshlangan edi. MFY raisi va faollari murojaatida zarur ashyolar ro‘yxati va narxlari keltirib o‘tilgan bo‘lib, ushbu murojaatga muvofiq fond tomonidan 40 million so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.
Suv chiqarish ulkan ajrga sabab bo‘luvchi amal bo‘lib, xalq asrlar davomida shu kabi ishlarni hashar yo‘li bilan amalga oshirib kelgan. Xuddi shunday savobli ish “Oqsoy” qishlog‘ida ham boshlanib, oxiriga yetmay qolgan. Bu masalada ayrim ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali asossiz ma’lumotlar tarqatilib, fond faqatgina “nayrangboz”ga chiqarilgan.
“Vaqf” fondi O‘zbekiston mo‘min-musulmonlarini ulug‘ ayyom arafasida ko‘proq xayrli ishlarni qilishga, Allohning roziligiga erishishda musobaqalashishga chaqiradi. Mahalla oqsoqollarining aytishicha, suv chiqarilgan quduq bir qancha yillar avval mahalla ahli tomonidan qazilgan. Biroq, suvni qishloqqa olib kelish ishlari to‘xtab qolgan. Zarur ashyolar fond tomonidan xarid qilinib, 2 kilometrlik transheya qazish uchun homiylar jalb qilingan.
Fondning homiylari, Fondning Samarqand viloyat filiali hamda “Hazrati Dovud” ziyoratgohi xodimlari tashabbusi bilan amaliy ishlar bajarilib, Nurobod tumani “Oqsoy” MFYga 2 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘i qurib bitkazildi. Qishloqning olti joyiga kran o‘rnatilib suv chiqarildi.
Ushbu ichimlik suvi tizimi orqali 200 dan ortiq xonadonga suv yetkazildi.
“‘Vaqf’ fondi jurnalistlar va blogerlarni holatni batafsil o‘rganib, obyektiv ma’lumot tarqatishga chaqiradi. Fond o‘z faoliyatida shaffoflikka tayanishni maqsadga muvofiq deya hisoblaydi. Saxovatli insonlar mablag‘iga amalga oshirilayotgan xayrli ishlarni boshqalarga o‘rnak maqsadida oshkor qilish aqlga zid ish emas. Fond tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlarda siz ham faol ishtirok eting, o‘z ehsonlaringizni ulkan ajrlarga erishtiruvchi saxovat ishlariga yo‘naltiring”, — deyiladi xabarda.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan bugungi kunda o‘nlab loyihalar amalga oshirilmoqda. Vaqf mulklarini tasarruf etish, ko‘makka muhtoj yoki tibbiy muolaja uchun mablag‘ talab etiladigan bemorlar uchun aksiyalar tashkil etilmoqda.
Izoh (0)