Toshkent viloyatining xalqaro va davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan avtomobil yo‘llarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari (radarlar) onlayn rejimda muntazam ishlab kelmoqda, deb yozadi O‘zA.
2019-yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat hududida joylashgan bu radarlar orqali tezlikni me’yoridan oshirish holati bo‘yicha 79 ming 256 qoidabuzarlik aniqlandi.
Hozirgi kunda ushbu qoidabuzarlik yuzasidan belgilangan jarimalardan 20 ming 530 transport vositasi egasining manzillariga jarima qog‘ozlari yetkazilganiga qaramasdan qonunda belgilangan tartibda jarimalarni to‘lamagan.
Ushbu raqamlarni hisobga olib, belgilangan jarimalarni o‘z vaqtida undirish maqsadida 31-iyul kuni viloyat hududida Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Toshkent viloyati prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari bilan hamkorlikda “AUTO CON” uskunasi yordamida 60 kun muddat ichida radarlar orqali aniqlangan jarimani to‘lamagan qoidabuzar haydovchilar aniqlanib, 157 haydovchining transport vositasi viloyat hududida joylashgan jarima maydonlariga joylashtirildi.
Eslatib o‘tamizki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasi talablari asosida 60 kun muddat ichida jarimalarni to‘lamaslik, jarima to‘lagunga qadar transport vositasini jarima maydoniga qo‘yishga asos bo‘ladi.
Izoh (0)