Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi harbiy qism kutubxonalaridan birida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Nukus shahar kengashlari bilan bilan hamkorlikda kuch tuzilmalari o‘rtasida “Bilimdonlar arenasi” intellektual o‘yini o‘tkazildi, deb ma’lum qildi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati “Daryo”ga.
Unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi harbiy qismlarining“Amir Temur izdoshlari” va “Adolat”, Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonining “Tinchlik posbonlari”, Ichki ishlar vazirligining “Lochin”, Milliy gvardiyaning “Yosh gvardiyachilar”, Davlat havfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining “Sarhad” hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bojxona boshqarmasining “Bojxonachilar” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
Prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni o‘zida jamlagan intellektual o‘yin davomida san’at, fan, adabiyotga doir 30 ta qiziqarli mantiqiy savollar jamoalar diqqatiga havola etildi. Qizg‘in bahs va munozaralarga boy o‘tgan bellashuv so‘ngida harbiy okrugning “Amir Temur izdoshlari” jamoasi ustun kelib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin “Yosh gvardiyachilar” jamoasiga, 3-o‘rin esa “Bojxonachilar” jamoasiga nasib qildi.
Tanlov so‘ngida g‘olib va faol ishtirok etgan jamoalarga tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan diplom va sovg‘alar topshirildi.
Izoh (0)