“Avtotest” yuridik shaxslar haydovchilarini tayyorlash faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida bayonot berilgan.

Foto: “Avtotest”

“Biz jamoamiz bilan shu qarorga keldik. Bizning bosh maqsadimiz pul ishlash emasligini, bizda qadriyatlar boshqa ekanligini shu bilan namoyon etmoqchimiz. Biz odamlardan qing‘ir yo‘l bilan pul ishlashdan yiroqmiz.

Boshqa avtomaktablardan farqli o‘laroq ‘Avtotest‘ kompaniyasi paydo bo‘lganidan beri hali biron marta daromad olgani yo‘q. Hamma topilgan daromad faqat va faqat rivojlanishga, yangi zamonaviy maktablar barpo etish, dasturlar, yangi texnologiyalar yaratishga yo‘naltirildi. Bor kuch va mehnat asosiy bosh g‘oya — odamlar o‘limini kamaytirish, yo‘llarda tartib bo‘lishini ta’minlash va ushbu sohaning rivojlanishi uchun sarf etildi”, — deyiladi bayonotda.

MChJ vakillariga ko‘ra, bu yerda tahsil olganlarning birontasi ta’lim sifati, uslubi, yaratilgan sharoitga e’tiroz bildirmagan va shikoyat qilmagan.

“Kompaniya yuridik shaxslar haydovchilarini o‘qitish faoliyatini to‘xtatadi. Ro‘yxatga olish jarayoni va barcha mavjud shartnomaviy majburiyatlarni amalga oshirish uchun bir oz vaqt kerak bo‘ladi. Biz tahqirlardan charchadik.

Biz endilikda faqat haydovchilarni tayyorlash, metodika va qo‘llanmalar yaratish bilan shug‘ullanamiz. Iltimos, ‘Avtotest‘ nomini yomonotliq qilishni bas qiling”, — deya yakunlangan bayonot matni.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq kompaniya mnopolist tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilishi mumkinligi bildirilgandi.