Avtomatni yoyib-yig‘ish, ko‘chma zenit raketa kompleksini jangovar holatga keltirish, himoya kiyimlarini kiyish va boshqa ko‘plab talablarni sanoqli soniyalar ichida bajarish talab etildi, deb ma’lum qiladi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati “Daryo”ga.
Nukus va Urganch garnizonining zenit bo‘linmalari “Nukus” poligonida “Men g‘olib” shiori ostida o‘tkazilgan estafetada ishtirok etdi. Murosasiz kechgan bahslarda uchta zenit hisobi alohida-alohida Kalashnikov avtomatini yoyib-yig‘ish, ko‘chma zenit raketa kompleksini jangovar shay holatga keltirish, kimyoviy zaharlanishga qarshi kiyimlarni kiyish va zenit qurilmasini jangga tayyorlash bo‘yicha mashqlarni bajardi.
Qizg‘in kurash shukuhi butun estafeta davomida hech kimni tark etmadi. Jamolar o‘z raqiblarini ortda qoldirishga urindi. Poligonning o‘zi esa muxlislarning qarsak va baralla ovozda hayqirig‘iga to‘lib ketdi. Muddatli harbiy xizmatchilar o‘z harakatlari bilan har qanday vaziyatda Vatan himoyasiga shay ekanligini namoyish etdi.“Mashg‘ulot vaqtida oson bo‘lmaydi. Bellashuvda esa xuddi “jangdagidek”. Har qanday xato — mag‘lubiyatga yo‘l ochadi. Askarlar juda qattiq harakat qildi. Boshqaruv hujjatlarida belgilangan normativlar ortig‘i bilan bajarildi. Xato qilgan jamoalardan esa qimmatli ballar ayirib tashlandi. Aynan ushbu ballar orqali kam jarimaga tortilgan jamoalar orasidan eng yaxshilar aniqlandi”, — deydi katta hakam mayor Abdurahmon To‘lashev.
Quruqlikdagi qo‘shinlarning havo hujumidan mudofaa qilish bo‘linmalari o‘rtasida o‘tkazilgan navbatdagi estafetaning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchilikni Nukus garnizonining “Ovchi-qirg‘iylar” jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin esa “Vatan fidoiylari” jamoasiga (Nukus garnizoni) nasib etgan bo‘lsa, kuchli uchlikka Urganch garnizonining “Urganch qalqoni” jamoasi yakun yasadi.
G‘olib va sovrindorlar diplom hamda medallar bilan taqdirlandi.
Izoh (0)