So‘nggi kunlarda , “Xalqaro Ijtimoiy-iqtisodiyot universiteti” nodavlat oliy ta’lim muassasasi va ushbu muassasa 2019/2020-o‘quv yiliga o‘qishga kirishga abituriyentlardan hujjat qabul qilayotganligi va ushbu xizmat uchun pul undirilayotganligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga fuqarolar tomonidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Ta’kidlab o‘tish joizki, “Xalqaro Ijtimoiy-iqtisodiyot universiteti” nodavlat oliy ta’lim muassasasi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga litsenziya olish uchun bir necha bor ariza bilan murojaat qilgan.
Lekin mazkur muassasada oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun belgilangan talab va normalarga javob beradigan, unga mulkiy huquq bilan tegishli bo‘lgan bino va inshootlar bilan ta’minlanmaganligi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya asbob-uskunalari, o‘qitishning texnik vositalari va anjomlar bilan jihozlangan auditoriyalar va o‘quv xonalar mavjud emasligi hamda ilg‘or xalqaro tajribalarni inobatga olib, o‘qitishning innovatsion shakllari hamda zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish asosida ta’lim sohasidagi samaradorlik va natijadorlikni oshirish uchun kerakli shart-sharoitlar yaratilmaganligi sababli litsenziya berish rad etilgan.
Ushbu muassasaning norasmiy faoliyati bo‘yicha Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Qashqadaryo viloyati hokimligiga xat yuborilgan.
“Oliy o‘quv yurtida o‘qish istagida bo‘lgan yoshlarga va ularning ota-onalariga “Xalqaro Ijtimoiy-iqtisodiyot universiteti” nodavlat oliy ta’lim muassasasi hech qanday litsenziyaga ega emasligini va ularning faoliyati noqonuniyligini eslatib o‘tmoqchimiz va bunday yolg‘on ma’lumotlarga ishonmasliklarini so‘rab qolamiz”, — deydi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi.
Shu bilan birga, litsenziya olgan nodavlat ta’lim muassasalari to‘g‘risida ma’lumotlarni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-sahifasida joylashgan litsenziyalar reyestridan hamda +998 71 231-07-53 (ichki raqamlar 1020, 1027, 1037) orqali to‘liq ma’lumotlarni olishingiz mumkin.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Jamoatchilik va OAV bilan ishlash bo‘limi
Izoh (0)