Kecha, 25-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi 2-sonli Bolalar va o‘smirlar sport maktabi binosida harbiy okruglar sport vzvodlari o‘rtasida dzyudo bo‘yicha Mudofaa vazirligi chempionati o‘tkazildi, bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Ushbu musobaqada 5 ta okrugdan 30 nafar sportchi ishtirok etdi. Chempionatni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriyev ochib, sportchilarga omad tiladi.
Musobaqa davomida sportchilar 6 vazn toifasida: 60, 66, 73, 81, 90 va 100 kilogrammda o‘zaro bellashdi.
Chempionat natijalariga ko‘ra 1-o‘rin Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugiga, 2-o‘rin Toshkent harbiy okrugiga, 3-o‘rin esa Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi jamoalariga nasib qildi.
Musobaqa so‘ngida Qoraqalpog‘iston Madaniyat vazirligi san’atkorlari hamda Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri jamoasi tomonidan konsert dasturi havola etildi.
G‘olib va sovrindorlar kubok, diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Izoh (0)