Asli niderlandiyalik bo‘lgan Gollivudning taniqli aktyori Rutger Xauer vafot etdi. Bu haqda uning agentiga tayanib, Tengrinews xabar berdi.

Foto: Reuters

Ta'kidlanishicha, 75 yoshli aktyor uzoq davom etmagan kasallikdan keyin Niderlandiyadagi uyida 19-iyulda vafot etgan. Uning dafn marosimi 24-iyul kuni bo‘lib o‘tgan.

Xauer 1944-yil Amsterdam yaqinidagi Brekelen shaharchasida dunyoga kelgan. Aktyorlik faoliyatini 1960-yillar oxirida boshlagan va “Floris” teleserialidan keyin mashhurlikka erishgan.

Aktyor “Tig‘ ustida yuguruvchi”, “Hamroh”, “Ajdodlar chorlovi”, “So‘qir g‘azab”, “Betmen: Ibtido”, “Gunohlar shahri” kabi filmlarda rollar ijro etgan. 1988-yilda “Sobibordan qochish” mini-serialidagi ikkinchi plandagi roli uchun “Oltin globus” mukofot bilan taqdirlangan, 1999-yilda vatanida “Yuz yillikning eng yaxshi aktyori” nomiga sazovor bo‘lgan.

Xauer 150 dan ko‘proq filmda suratga tushgan. Bundan tashqari, u o‘zini ssenariychi, prodyuser va rejissyor sifatida ham sinab ko‘rgan.