Ma’lumki, joriy yilning 18-iyul kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurganida qator topshiriqlar qatori, viloyatda istiqomat qiluvchi aholini malakali mutaxassislar ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi, deb Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yilning 20-iyul kunidan “Bor mehrimiz shu xalq, shu Vatan uchun!” shiori ostida viloyat aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Ushbu yirik ijtimoiy tadbirdan asosiy maqsad, birinchi navbatda, hududdagi aholi o‘rtasidagi statistik ma’lumotlarning haqqoniyligini aniqlash, ikkinchidan, surunkali kechuvchi — kardiologik, endokrinologik, dermatologik, nevrologik, ginekologik, urologik singari bir qancha yo‘nalishdagi xastaligi mavjud bemorlarni dispanser nazoratiga olish va shu asnoda ularni birlamchi tibbiy profilaktika nazoratidan tortib, profilaktikasini to‘laqonli o‘tkazishga qaratilgan. Uchinchidan esa, ushbu tadbirda malakali mutaxassislar bilan birga aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik va murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishda faol ishtirok etayotgan mahalliy shifokorlar bir vaqtning o‘zida o‘z bilim ko‘nikmalari va tajribalarini yanada oshirish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda.
Bunday ko‘riklarning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, aholi o‘z hududidan chiqmagan holda respublika darajasidagi sifatli ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam olish imkoniyatidan bahramand bo‘lmoqda. Agar bir bemorda bir necha turdagi kasallik mavjud bo‘lsa, u ayni yo‘nalishdagi tor soha mutaxassislari ishtirokida shu yerni o‘zida konsiliumi asosida muolaja tayinlanmoqda.
O‘tkaziladigan ko‘riklarning sifat va samaradorligini ta’minlash maqsadida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlar direktorlari, akademiklar, ilmiy-tekshirish institutlari, nufuzli respublika klinik shifoxonalarining yetakchi olimlari, tibbiyot fanlari doktorlari va yuqori malakali shifokorlari boshchiligidagi kardiolog, endokrinolog, akusher-ginekolog, dermatovenerolog, pediatr, terapevt, travmatolog, allergolog, xirurg, nevropatolog, oftolmalog singari yigirmaga yaqin tor sohada faoliyat ko‘rsatayotgan 100 nafarga yaqin mutaxassislardan iborat guruhlar viloyatning eng chekka hududlardagi pensionerlar, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar, yolg‘iz keksalar, bolalar, fertil yoshidagi ayollarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Ko‘riklar davomida mutaxassislar har bir murojaat qiluvchiga alohida e’tibor qaratib, to‘shakda yotib qolgan qariyalar va bemorlar holidan xonadonlarga borib xabar olishmoqda. Ko‘rik paytida xastaliklar aniqlangudek bo‘lsa, har bir bemor uchun maxsus davolash va reabilitatsiya rejalari belgilanadi. Jumladan, aholining ambulator sharoitda, tuman, viloyat shifoxonalari hamda respublika davolash-profilaktika muassasalarida o‘rnatilgan tartibda sog‘lomlashtiriladi.
Hudud aholisiga malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsadi tashkil etilayotgan ko‘riklar davomida mutaxassislar har bir murojaat qiluvchiga alohida e’tibor qaratib, ularga zarur tavsiya va amaliy yordamlarini ko‘rsatmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, o‘tgan yil davomida Sirdaryo viloyatida 21 ta muassasada (QOP, QVP hamda davolash profilaktika muassaslarida) qurilish-ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi. “Obod qishloq” dasturi doirasida esa sog‘liqni saqlash tizimidagi 11 ta muassasada ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Joriy yilda ham “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 17 ta obyektda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
“Bor mehrimiz shu xalq, shu Vatan uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari va muloqotlar ham olib borilmoqda.
Izoh (0)