O‘zbekistonda FIFA tasnifidagi Jahon Chempionatlari va UEFA Chempionlar Ligasi o‘yinlari uchun futbol to‘plari ishlab chiqariladigan zavod ochiladi. Bu haqda O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Furqat Siddiqov va Forward Group kompaniyasi rahbari Xvaj Ma’sud Axtar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ma’lum qilingan.
Ta’kidlash joiz, Forward Group sport tovarlari, asosan, futbol to‘plari tayyorlaydi. Ushbu brend 2014 va 2018-yillardagi Jahon Chempionatlari, qolaversa Yevropa Chempionlar Ligasi uchun rasmiy va yagona to‘p yetkazib beruvchi bo‘lgan. Shuningdek, qo‘l to‘pi, voleybol koptoklari, sport sumkalari ishlab chiqariladigan zavodlarga ega. Ayni chog‘da zamonaviy tibbiy jarrohlik vositalarini ham ishlab chiqaradi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda MDH va Yevropada muqobili yo‘q bo‘lgan zamonaviy korxonani tashkil etish uchun 2017—2019-yillarda Andijonda ulkan ishlar amalga oshirildi.
Qo‘shma korxonaning ishlab chiqarish salohiyati oyiga 3000 ta to‘pga teng. UEFA, FIFAning jahon miqyosidagi va boshqa nufuzli futbol musobaqalari uchun “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” brendi ostida to‘plar taqdim etiladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, pokistonlik biznesmen Andijon viloyatida Forward-TH Sports loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, kompaniyasi O‘zbekistonda sport sumkalari hamda dunyo futbol klublari uchun liboslar ishlab chiqarish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etishni rejalashtirayotganini bildirdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)