Argentina futbol federatsiyasi prezidenti Klaudio Tapia Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi tomonidan FIFA kengashidan chiqarildi. Bu haqda TSN xabar berdi.
Bunga uning Kopa Amerika—2019 musobaqasida davomidagi tanqidlari asosiy sabab bo‘ldi. Ochiq xatda u Janubiy Amerika futboli rahbariyatini, shuningdek, Braziliya futbol federatsiyasini tanqid qildi. Argentina terma jamoasi musobaqaning yarim finalida Braziliyaga imkoniyatni boy bergandan (0:2) so‘ng u hakamlar ishidan va maydonning talabga javob bermasligidan norozi bo‘ldi.
Bundan tashqari, u ekvadorlik hakam Roddi Sambranoning Braziliyaga qarshi o‘yindagi bahsli vaziyatlarda VAR’ga murojaat qilmaganini aytdi. Shu bilan birga Tapia KONMEBOL hakamlar departamenti rahbariyati ushbu o‘yinda yuzaga kelgan bahsli vaziyatlarga javobgar bo‘lishi kerakligini ma’lum qildi.
Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi tashkilotga qo‘yilgan jiddiy ayblovlar sabab shunday qarorga kelganini ma’lum qildi. KONMEBOL Argentinadan FIFA kengashiga vakilni keyinroq saylanishini va saylovlar vaqtini ma’lum qilishini e’lon qildi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)