O‘zbekistonda majburiy tibbiy sug‘urta uch bosqichda, 2021, 2023 va 2025-yillarda joriy etiladi. Bu haqda majburiy tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etish haqidagi Prezident Qarori loyihasida aytib o‘tilgan, deb xabar qilmoqda “Norma.uz”.
Normativ–huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portalida joylashtirilgan Prezident Qarori loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonda majburiy tibbiy sug‘urta mexanizmi 2021-yildan boshlab ommaviy tartibda joriy etila boshlanadi.
Majburiy sug‘urta 2021-yilda boshlanadigan birinchi bosqichda tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida joriy etiladi. 2023-yildan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida joriy etiladi. 2025-yildan boshlab esa – butun O‘zbekiston bo‘ylab amal qiladi.
Vazirlar Mahkamasi qaramog‘ida Ixtiyoriy tibbiy sug‘urta fondi tashkil qilinadi. Uning filiallari Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlay boshlaydi.
Ushbu fondning asosiy vazifasiga aholini tibbiy sug‘urta qilish loyihasini amalga oshirish, sug‘urta badallarini jamlash va boshqarish kiradi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi jahon tajribasini o‘rganib chiqib, JST ekspertlari hamda Janubiy Koreyaning Milliy tibbiy sug‘urta xizmati vakillari bilan maslahatlashgan va tajribasini o‘rgangan.
O‘zbekistonda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini tashkil qilish konsepsiyasi 2018-yilning dekabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan edi. Ushbu sohada rejalashtirilayotgan islohotlar aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirib, sohaga moliyaviy resurslarni jalb qilish va ularni samarali xarajat qilishga qaratilgan.
Izoh (0)