O‘zbekiston bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchilarning o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2019-yil yanvar—iyun oylarida 2,092 million so‘mni tashkil etdi. Davlat statistika qo‘mitasining qayd etishicha, bu 2018-yilning mos davriga nisbatan 30,1 foizga ko‘p.

Foto: “Gazeta.uz”

Ta’kidlash joiz, “o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi” deganda qo‘mita ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlarni ham kiritgan, shuningdek, uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud.

Qo‘mitaning qayd etishicha, O‘zbekiston bo‘yicha 2019-yil yanvar—iyun oylarida 2018-yilning mos davriga nisbatan iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining yuqori o‘sish sur’ati sog‘liqni saqlashda 37,2 foiz, ta’lim sohasida 35,3 foiz, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatida 31,8 foiz, sanoatda 23,0 foiz va qurilishda 22,9 foizni tashkil etgan.

O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi ko‘rsatkichini respublika hududlari bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak, ya’ni o‘rtacha oylik ish haqining yuqori miqdori Toshkent shahrida 2,971 million so‘mni (respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 142,0 foiz), Navoiy viloyatida 2,659 million so‘mni (127,1 foiz) va Toshkent viloyatida 2,30 million so‘mni (109,9 foiz) tashkil etgan bo‘lsa, Samarqand viloyatida 1,738 million so‘mni (83,1 foiz), Surxondaryo viloyatida 1,722 million so‘mni (82,3 foiz), Namangan viloyatida 1,72 million so‘mni (82,2 foiz) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan kam miqdorga ega bo‘lmoqda.