Falastinning G‘azo shahrida yashovchi 44 yoshli Mahmud Taluliy kamyob teri kasalligi —Levandoski-Luts sindromi bilan og‘riydi, deb yozmoqda National Geographic.

Foto: National Geographic

Hozirda dunyoda bu kasallik bilan og‘rigan taxminan 10 kishi borligi ma’lum, butun tibbiyot tarixida esa 501 ta shunday kasalikka chalinish holati kuzatilgan.

Kasallik rivojlanishi davomida odamda davolab bo‘lmaydigan dag‘al o‘smalar paydo bo‘ladi. O‘sma olib tashlansa, uning o‘rnida yangisi o‘sib chiqaveradi va teri daraxt po‘stlog‘iga o‘xshab qoladi. Oqibatda hujayralar xavfli turga aylanishi mumkin.

Kasallik 1922-yilda aniqlangan bo‘lib, hozirga qadar to‘liq o‘rganilmagan. Ma’lum bo‘lishicha, immun tizimidagi buzilishlar sababli organizm odam pappiloma virusiga qarshi kurasha olmaydi va o‘smalar shu sababli paydo bo‘ladi. Shuning uchun ularni kesib tashlashning o‘zi foyda bermaydi, uning o‘rnida yangilari paydo bo‘laveradi.

Yaqinda Isroilning Xadassa shifoxonasi shifokorlari bunday bemorlarga yordam berishi mumkin bo‘lgan novatorlik usulini qo‘llash muvaffaqiyatli o‘tganini ma’lum qilgan. Mahmud Taluliy shifokorlar uning kasallangan qo‘lini amputatsiya qilishni maslahat berganidan so‘ng yuqoridagi shifokorlarga murojaat qilgan.

Isroillik shifokorlar amputatsiya qilishi chora emasligini, o‘smalar boshqa joyda paydo bo‘lishni boshlashini aytgan. Uning o‘rniga shifokorlar o‘smalarni tag-tugi bilan kesib tashlagan. Shunday chuqur kesilganki, hatto bemor terisiz qolgan va unga tananing boshqa qismlaridan olib ko‘chirilgan. Lekin aynan shu usul o‘smalarni butunlay olib tashlashga yordam bergan.

Shifokorlar bir vaqtning o‘zida bemorni odam papilomasi virusiga qarshi emlagan va o‘smalar paydo bo‘lishi sekinlashgan. Taluliy 4 ta operatsiyani boshdan kechirgan va endi uni beshinchisi kutib turibdi, lekin natijasi hozirning o‘zidayoq ko‘rinmoqda.

Bemorning qo‘li avval daraxtga o‘xshagan bo‘lsa, hozir tez bitib ketadigan kuyish jarohatiga o‘xshaydi.