Kuni kecha O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazida respublika bo‘ylab Milliy gvardiya bo‘linmalarida harbiy xizmat olib borayotgan bir qator harbiy xizmatchilarga kinolog mutaxassisligi bo‘yicha sertifikatlar topshirildi, bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi axborot xizmati “Daryo”ga ma'lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qo‘mitasi Milliy Kinologiya markazi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik rejasi asosida Milliy gvardiyaning mutaxassis kinologlari ushbu markazda turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb etilib, malakalari oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy qismlarida mutaxassis kinologlarning kinologiya kasbiga doir mahoratlarini oshirish, ularda xizmat itini maxsus yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etilayotgan o‘quv kurslarining yakuniy imtihoni davomida harbiylar umumiy hamda maxsus mashq kurslari bo‘yicha sinovlarni o‘zlariga biriktirilgan xizmat itlari bilan birga topshirdi.
Itlarni o‘ziga o‘rgata olish uchun uni tanlash muhim ahamiyat kasb etadi. Xizmat uchun to‘g‘ri tanlangan itlar, o‘rgatish jarayonini tezlashtiradi va yuqori natijalarga erishishga ishonch baxsh etadi, — deya fikr bildirdi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Shokirov Po‘latjon.
Milliy gvardiya bo‘linmalarida xizmat o‘tab kelayotgan harbiy xizmatchilar orasidan kinolog mutaxassislarining muntazam ravishda malakasini oshirish borasidagi ishlar davom etmoqda.
Izoh (0)