Butunjahon boks kengashi (WBC) iyun oyi uchun professional bokschilarning yangi reytingini e’lon qildi.
GoSport’ning xabar berishicha, o‘zbekistonlik besh nafar bokschi mazkur reytingdan o‘rin egallagan.
Super o‘rta (-76,2 kg) vazn toifasida ringga ko‘tarilayotgan o‘zbekistonlik Azizbek Abdug‘ofurov (12 ta g‘alaba, 4 ta nokaut) yangi reytingda bir oy oldingi pog‘onasini saqlab qoldi va 4-pog‘onadan joy oldi.
Yarim o‘rta (-66,68 kg) vazn toifasi vakili Qudratillo Abduqahhorov (16 ta g‘alaba, 9 ta nokaut) ham reytingda bir oy oldingi o‘rni — 4 o‘rnini saqlab qoldi. Ayni vaqtda u IBF reytingida birinchi, WBO reytingida esa 9-o‘rinlarni egallab turibdi.
Reytingning xalqaro miqyosida tan olingan Top-15 ligida boshqa o‘zbekistonlik bokschilar joy olmagan. Ammo WBC kengaytirilgan reytingda uch nafar o‘zbek bokschisi ham e’tirof etilgan.
WBC kengaytirilgan reytingidan super yengil (-63,5 kg) vazn toifasi vakili Shohjahon Ergashev (16 ta g‘alaba, 14 ta nokaut) 31-o‘rinda qayd qilingan. Ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliyev (6 ta g‘alaba, 5 ta nokaut) mazkur reytingda 24-o‘rinda qayd qilingan bo‘lsa, super yengil (-63,5 kg) vazn toifasi vakili Shahram G‘iyosov (8 ta g‘alaba, 6 ta nokaut) 35-pog‘onadan joy olgan. Ahmadaliyev ayni vaqtda WBA yo‘nalishi reytingida 2-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, Shahram G‘iyosov o‘z vaznida 11-pog‘onani band qilgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)