Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga “Artisan bread” MChJ (O‘zbekiston) tomonidan “Cranberry” MChJning bir kafesiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuning 13-moddasiga asosan chora ko‘rish to‘g‘risidagi murojaati tushdi. Bu haqda Spot xabar qiladi.

Foto: “Zira.uz”

Murojaatda aytilishicha, kafe egasi bo‘lgan “Cranberry” MChJ tomonidan “Artisan bread” MChJga tegishli bo‘lgan “Breadly” tovar belgisidan noqonuniy foydalanilgan, ya’ni taomnomadagi taomlarni nomini “Bredli nonushtasi” deb nomlab, ijtimoiy tarmoqlarda keng reklama qilinmoqda.

“Artisan bread” MChJ amal qilish muddati 10 yil bo‘lgan “Breadly” tovar belgisi egasi bo‘lib, ushbu tovar belgisi belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligida ro‘yxatdan o‘tgan.

Murojaatni ko‘rib chiqish natijasida Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan tegishli qaror qabul qilindi va “Cranberry” MChJga ko‘rsatma berildi.

Ushbu ko‘rsatmaga asosan, qonunbuzuvchi “Artisan bread” MChJga tegishli bo‘lgan “Breadly” tovar belgisi ostida tovarlarni sotishni va ko‘rsatilayotgan xizmatlarini reklama qilishni to‘xtatishi shart.