Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqot chog‘ida tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar, banklar va xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlar tomonidan sodir etilayotgan ovoragarchiliklar haqida ochiq-oshkora fikr bildirdi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.

Foto: “Xalq so‘zi”

Muloqotda tegishli soha vakillari tadbirkorlarning savollariga javob qaytardi. Javoblar zaldagilarni qoniqtirmagan hollarda muloqot kesatiq va mutoyibalarga ham ulanib ketdi.

— To‘rt yildan beri novvoylik bilan shug‘ullanaman, — deydi Pastdarg‘om tumangaz boshlig‘i Iskandar Xudoyqulov faoliyatidan norozi bo‘lgan tadbirkor Ixtiyor Ergashev. — Avvaliga “gaz idorasi bilan shartnomang yo‘q” deb jarimaga tortishdi. Qonun talabi bo‘yicha risoladagidek hujjat tayyorlab ish boshlagach, bozorda teng bo‘lmagan raqobatga duch keldim. Tumangaz va boshqalar bilan kelishib ishlayotgan “tadbirkor novvoy”lar nonni savdo rastasiga ikki mingdan chiqarsa, men ikki ming ikki yuz so‘mdan chiqaryapman. Chunki, menda soliq yuki bor. Ularda esa bu majburiyat yo‘q.

Yig‘ilishdan so‘ng viloyat hokimligi ko‘magida tashkil etilgan guruh bilan tadbirkor faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni o‘rganish maqsadida Pastdarg‘om tumanida bo‘linganida bir qator shaxslar noqonuniy faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, «Pastdarg‘omtumangaz» xodimlaridan biri Sherxon Narqulov Oxunjon Shodiyev ismli shaxsga o‘z hovlisidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga joy ajratgani holda, novvoyxona gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangani bilan qiziqmagan. Tegishli hujjatlarsiz jami 5 kishining noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga yo‘l ochib bergan. Bu holatga soliq va tumangaz xodimlari ham tomoshabin bo‘lib kelgan.

Noqonuniy novvoyxona tashkil etilgan hovlida guruh tomonidan o‘tkazilgan kuzatuv kuniyoq hovli egasi Meyli Narqulov darhol tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatdan o‘tkazib qo‘yildi.

Xullas, Pastdarg‘omda tadbirkor faoliyatiga g‘ov bo‘layotgan muammolar borligi, ular tuzatilish o‘rniga tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan xaspo‘shlanib, yashirilib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi