Ijtimoiy tarmoqlarda kasb vazifasini bajarayotgan shaxslarga nisbatan ayrim fuqarolar tomonidan kuch ishlatish holatlari aks etgan videoyozuvlar tarqalmoqda. Bunday holatda qonunchilikda qanday javobgarlik ko‘zda tutilgani haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanalida ma’lum qilindi.

O‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxslarga nisbatan noqonuniy harakatlarni sodir etish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Xususan, bunday noqonuniy harakatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan:

qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etish – 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan;

qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish – 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;

qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish – 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;

o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish – 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;

haqorat qilish – eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.