Moliyaviy sanksiyalar (jarima) soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlik chorasi bo‘lib, qonunchilikka asosan sud tartibida qo‘llaniladi. So‘ngi yillarda hukumat tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan soliq sohasida qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar bo‘yicha bir qator yengilliklar berib kelinmoqda, deb xabar beradi Davlat soliq qo‘mitasi.

Foto: “Xabar.uz”

Jumladan, ilgari moliyaviy sanksiyalarni ixtiyoriy ravishda oldindan to‘lab berganligi uchun yengilliklar nazarda tutilmagan hamda jarimalar tadbirkorning moddiy ahvolini inobatga olinmasdan qo‘llanib kelingan bo‘lsa:

  • endilikda moliyaviy sanksiyani qo‘llashda javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar aniqlangan taqdirda, shuningdek, huquqbuzarning moddiy ahvolini inobatga olib, sud moliyaviy sanksiyaning eng kam darajasidan ham kamroq, biroq belgilangan sanksiya eng kam miqdorining 25 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda moliyaviy sanksiyani qo‘llashga haqli ekanligi;
  • soliqlar, boshqa majburiy to‘lovlar va penya materiallar sudga berilgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda tadbirkorlik subyekti — soliq to‘lovchi o‘ziga nisbatan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lamaganligi uchun jarimalar qo‘llanilishidan ozod qilinishi;
  • soliq nazorati tadbirlarida tadbirkorlik subyektlari tomonidan kirim qilinmagan tovarlarni saqlash va realizatsiya hajmini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) holatlari aniqlangan taqdirda — kirim qilinmagan tovar qiymatining va yashirilgan summaning 20 foizi miqdorida jarima solinishi; (Ilgari yashirilgan summaning 100 foizi miqdorida jarima qo‘llanilgan);
  • kirim qilinmagan tovarlar qo‘zg‘atilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yoki jinoyat ishi doirasida davlat daromadiga o‘tkazilgan taqdirda, sanksiya qo‘llanilmasligi kabi meyo’rlar amaliyotga kiritilgan.

Albatta, kiritilayotgan bu kabi meyo’rlar bilan davlat g‘aznasiga ma’lum miqdorda pul mablag‘lari tushmasligi mumkin. Lekin tadbirkorni turli xil moliyaviy sanksiyalar bilan yuklab tashlanadigan bo‘lsa, tadbirkor oborot mablag‘idan ajralib, korxonasi bankrot bo‘lishiga, ishbilarmonlik muhitining yomonlashuviga, investitsion jozibadorlikning kamayishiga hamda yaratilgan ish o‘rinlarining qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Prezidentining “Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydigan yana bir yangilik joriy etildi.

Xususan, soliq to‘lovchilar davlat soliq xizmati organlarining soliq sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini tan olib, uni olgan kundan e’tiboran 10 kun muddatda moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lasa, tadbirkorlik subyektlari mansabdor shaxslari va xodimlarini jinoiy va ma’muriy javobgarlikdan ozod etish belgilandi.

Shuningdek, soliq to‘lovchi moliyaviy jarima miqdorining 50 foizini 10 kun ichida ixtiyoriy to‘lasa, jarima summasining qolgan qismini to‘lashdan ozod etish belgilandi.

Bunday tajriba Rossiya va Turkiya davlatlarida tadbiq etilgan.

Misol uchun, yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarlik uchun tadbirkorga nisbatan 300 million so‘m moliyaviy sanksiya belgilanadigan bo‘lsa, belgilangan 10 kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda 150 million so‘mi to‘lab berilsa, qolgan 150 million so‘m pul mablag‘i tadbirkor ixtiyorida qoladi. Shuningdek, tadbirkorlik subyekti mansabdor shaxslari jinoiy javobgarlikdan va ma’muriy javobgarlik ozod bo‘ladi. Bu degani, nafaqat korxonani balki uning mansabdor shaxslarining xarajatini ham tejalishiga olib keladi.

Tahlillarga asosan, tadbirkorlar tomonidan jarimalarni belgilangan muddatda ixtiyoriy to‘lash ulushi 2016-yilga nisbatan 2018-yilda 1,4 barobarga oshgan.