Joriy yilning 10-iyul kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining 2019-yil o‘tgan olti oyi davomida amalga oshirgan ishlari va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda jurnalist Jonibek Ma’rupov “Daryo”ga ma’lum qildi.

Qo‘mita tomonidan mamlakatda imkoniyati cheklangan yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar holati o‘rganilib, ushbu yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborildi.

O‘rganish jarayonida imkoniyati cheklangan o‘quvchilarning ta’lim olishga bo‘lgan talabi yuqoriligi sababli ayrim maktab-internatlarda belgilangan me’yordan ortiq o‘quvchilar qabul qilinayotganligi kuzatildi.

Birgina, Toshkent shahridagi ko‘zi ojizlar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatini misol keltiradigan bo‘lsak, ushbu muassasa 220 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, bugungi kunda 350 nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda.

Ko‘zi ojiz yoshlarni yozish moslamasi bilan ta’minlash ishlari ham tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. Bunday moslamalar homiylik asosida chet eldan (asosan, Janubiy Koreya, Germaniya va Rossiya) keltirilishi sababli muassasani tamomlagan o‘quvchi ushbu moslamalarni qoldirib ketishga majbur bo‘lmoqda. Oliy ta’lim muassasasida bunday moslamalar bilan talabalarni ta’minlash ishlari e’tiborga olinmaganligi oqibatida, o‘qishga qabul qilingan talaba bunday muammo bilan takroran to‘qnash kelmoqda.

Aksariyat o‘quv binolarida va talabalar turar joylarida imkoniyati cheklangan talabalarning erkin harakatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilmagan. Hojatxona va yuvinish xonalari turli kategoriyadagi nogiron talabalar uchun moslashtirilmagan.

“Ushbu masala Qo‘mita tomonidan alohida nazoratga olindi”, — deydi senator Zayniddin Nizomxo‘jayev.