Bugun, 12-iyul kuni Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan jadal rivojlantirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Munozara shaklidagi tadbirda Qo‘mita a’zolari tomonidan mavjud to‘siqlar, xususan, “yashirin iqtisodiyot”ni rag‘batlantirayotgan omillar, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tegishli vazirlik va idoralar rahbar xodimlari, iqtisodchi olimlar ishtirokida muhokama qilindi.

Foto: “Daryo”

Jumladan, tadbirda yashirin iqtisodiyot mavzusiga ham alohida to‘xtab o‘tildi. Unda Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Muxamet Jumagaldiyev quyidagi fikrlarini bayon etdi:

‘Yashirin iqtisodiyot’ning mavjudligi iqtisodiyotning o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani achinarli holdir. Albatta, hali hech bir mamlakatda ‘yashirin iqtisodiyot’ni butkul yo‘q qilishga erishilmagan. Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda ‘yashirin iqtisodiyot’ning ulushi va ta’sirini minimal darajada kamaytirishga erishilgan. Uning yuqoriligi davlat byudjeti daromadlariga va iqtisodiyot rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi tabiiy. ‘Yashirin iqtisodiyot’da valyuta qora bozorining o‘rni juda katta hisoblanadi. Mamlakatimizda haligacha ham eng yirik naqd pul aylanmalari AQSh dollarida amalga oshirilmoqda (noqonuniy yirik bitimlar, ya’ni uy-joy oldi-sotdisi, avtomobil oldi-sotdisi va boshqa ko‘plab tovarlar oldi-sotdisi AQSh dollarida amalga oshirilishi hech kimga sir emas).

Bankdan tashqari aylanayotgan bunday xorijiy valyutaning bevosita milliy valyutamizga nisbatan yetkazayotgan zarari oxir-oqibat so‘mning qadrsizlanishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Aksariyat mahsulotlarning chetdan naqd pulga sotib olib keltirilishi yoki xufyona bitimlar tufayli mahsulotlarning mamlakatimizga olib kirib sotilishi, soliqdan qochib faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarining mavjudligi ayrim “qo‘shtirnoq ichidagi” homiylarga qo‘l kelmoqda.

Eng yomoni, bu o‘z tadbirkorlik faoliyatini halol yo‘lga qo‘ygan, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining qonuniy sotuvini amalga oshirirayotgan subyektlarga jiddiy ziyon yetkazadi.

Turli manbaalar ma’lumotlariga ko‘ra, “yashirin iqtisodiyot”ning mamlakat yalpi ichki mahsulotning 50 foizi atrofida bo‘lmoqda. Bunday sharoitda naqd pulga talab ortadi va pullar “yashirinib” bankdan tashqari aylanmani vujudga keltiradi.